Ishonchni oqlamading, ketasan!
Angliya Premier-ligasidagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan “Nottingem Forest” klubi rahbariyati braziliyalik hujumchisi Igor Jezusni joriy mavsum yakunlanishi bilan sotib yuborishga qaror qildi.
Bu haqida Football Insider xabar berdi.
Manbaning qayd etishicha, “o‘rmonchilar” 25 yoshli forvard bo‘yicha har qanday takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Hujumchi Yevropa ligasida yaxshi o‘yin ko‘rsatganiga qaramay, Angliya Premier-ligasida samaradorligi bo‘yicha kutilgan darajada taassurot qoldirmayapti.
Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, Jezusga Yevropa boshqa chempionatlari ko‘proq mos keladi, chunki Premier-liganing yuqori sur’ati juda yaxshi jismoniy tayyorgarlikni talab qiladi.
2025 yilning yozida “Nottingem Forest” Igor Jezusni Braziliyaning “Botafogo” klubidan katta umidlar bilan 19 million yevro evaziga sotib olgan edi.
Jamoa tarkibiga kelib qo‘shilganidan beri, mahoratli hujumchi 37 ta o‘yin o‘tkazib, raqiblar darvozasiga 12 ta gol urgan va 3 ta golli uzatma bergan. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkichlar klub rahbariyatini qoniqtirgani yo‘q.
Fikrlar