Ispaniyada chempion nomi aniq(mi)?!
SPORTS.uz Ispaniya La Ligasi oltin medallari uchun kechayotgan kurash borasida fikr yuritadi.
Diego Simeone shogirdlari ortda qolgan yarim mavsum davomida ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda. «Matraschilar» asosiy ta’qibchi sanalgan «Real» va «Barselona»dan 10 ochkoga ilgarilab ketdi. Bu tafovut 13 ochkoga aylanishi ham mumkin. Sababi, zaxirada bitta o‘yin bor.
«Atletiko» ortda qolgan uchrashuvlar davomida 40 bor raqib darvozasini ishg‘ol etdi. O‘z darvozasidan atigi 10 gol olib chiqdi. La Ligadagi o‘tkazgan 19 o‘yinning uchtasidagina g‘alaba qozonishning iloji bo‘lmadi. Qolgan 16 uchrashuvda 3 ochko qo‘lga kiritildi. Bu vaziyat klubga uzoq kutilgan chempionlik sari dadil qadam tashlash imkonini bermoqda. Asosiy raqobatchilar ichki muammolarga o‘ralashib qolgan bir paytda, faqat qo‘pol xatolargina «matraschilar»ni chempionlikdan mahrum qilishi mumkin.
«Atletiko»ning so‘nggi chempionligi bilan qiyoslaganda...

Diego Simeone shogirdlari 2013/14 yilgi mavsumda chempionlik shohsupasiga so‘nggi bor ko‘tarilgan edi. O‘sha mavsum «hindular» birinchi davrani 50 ochko bilan yakunlagan, biroq «Barselona» va «Real» o‘rtasidagi farq 3 ochko tashkil etgan edi. Hozir turnir jadvalidagi joylashuv Madrid klubini erkinroq harakat qilishiga imkon yaratadi.
Joze Mourino «Real» bilan 100 ochko jamg‘arib, chempionlikni qo‘lga kiritgan mavsum yodingizdami? Portugaliyalik mutaxassis qo‘l ostida «Qirollik klubi» 19 matchdan keyin 49 ochko jamg‘argan edi. Bu hozirgi «Atletiko»dan 1 ball kamroq degani. Zidan davriga kelib, «Real» ikki bor La Ligada tengsiz bo‘ldi. Ikki safar ham musobaqa ekvatorida jamg‘arilgan ochkolar (43, 40) 50 ga etmagan. Bu borada mutlaq rekord Tito Vilanovaga tegishli. U boshchiligidagi «Barselona» birinchi davra so‘ngida 55 ball jamg‘argan edi.
Bu statistiklardan ko‘rinib turibdiki, birinchi davrada 50+ ball yig‘gan klub chempionlik uchun asosiy da’vogar. Boz ustiga, asosiy raqiblar ham avvalgidek kuchli emas. Bu omillar yakunda Simeone jamoasining oltin medallarga ega bo‘lishi bilan yakunlanishi mumkin.
«Atletiko» sovrinsiz qolishi mumkinmi?

Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin, biroq pandemiyadan so‘ng, futbol o‘zgarib ketdi. Hozirgi «Atletiko»ni deyarli sindirib bo‘lmaydi. Primerodagi raqiblar qisqa tanaffus sababli, o‘z sport formasini to‘liq tiklay olmagan. «Real» va «Barsa» EChLda ham muvaffaqiyatli ishtirok etishga majbur. «Valensiya», «Vilyarreal», «Xetafe» va boshqa nomdor klublar moliyaviy qiyin ahvolga tushib qolgan.
Hisob-kitoblarga qaraganda, Ispaniya chempioni bo‘lish uchun 87 ochko etarli. Bu natijani qayd etish uchun «Real» va «Barsa» qolgan 18 ta o‘yinda 47 ochko ishlab olishi darkor. Bu 18 uchrashuvda 16 bor g‘alaba qozonish degani. Bunga ishonish mumkin, ammo joriy mavsumdagi ispan grandlarining statistikasi boshqacha so‘zlamoqda.
«Barselona» va «Real» bu mavsumda La Liga uchrashuvlarida o‘rtacha 2 ochkodan jamg‘armoqda. Bu temp davom etsa, chempionlik uchun minimum talab qilingan 87 ochkoni to‘plash imkonsiz. «Atletiko» har bir o‘yinda o‘rtacha 2,61 ball jamg‘ardi. Agar Simeone shogirdlari tempni 2 ochkoga tushirsa ham, finishga 88 ochko bilan etib keladi.
Chempionat rekordi yangilanadimi?

2011/12 yilgi mavsumda Joze Mourinoning «Real» jamoasi 100 ochko bilan chempionlikni qo‘lga kiritadi. Oradan bir mavsum o‘tib rekordni Tito Vilanovaning «Barselona»si yangiladi.
Rekordlarni inobatga olmasak, ispan klublari chempionlik mavchumlarida 95 ochkodan ko‘p jamg‘armagan.
Agar oldindagi 19 ta o‘yinda kerakli natija qayd etilsa, “Atletiko” rekordni yangilanishi hech gap emas.
Katta ehtimol bilan, Diego Simeone o‘z shogirdlarini to‘liq kuch bilan harakat qilishga majbur qiladi. Murabbiy La Liga tarixidan o‘rin egallash maqsadida futbolchilarga motivatsiya berishi aniq. Hozirda «kolchoneros»da nafaqat chempionlik, balki La Liga tarixidagi eng yaxshi mavsum o‘tkazish imkoniyati ham mavjud.

Izohlar (0)