Kannavaro debut oldidan Husanov haqida nimalar dedi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning 2026 yildgi jahon chempionatidagi tarixiy debut oldidan o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, eng mashhur o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanov nomini alohida tilga oldi.
— Bu musobaqa bizning jamoa tarixidagi ilk jahon chempionati. Jamoamizni dunyo bo‘ylab millionlab muxlislar tomosha qiladi. Futbolchilarimizning barchasi ushbu uchrashuvga to‘liq tayyor.
Albatta, Abduqodir Husanov terma jamoamizning eng muhim himoyachilaridan biri. U yanada yuqori darajaga chiqish uchun barcha imkoniyatlarga ega, hozirning o‘zida ham juda yuqori saviyada o‘yin namoyish etyapti.
Biz bu yerga o‘zimizning eng yaxshi jihatlarimizni, o‘zbekcha xarakter va mentalitetni ko‘rsatish uchun kelganmiz, deb o‘ylayman. Jamoa bilan ishlar ekanman, o‘z tajribam bilan o‘rtoqlashishga harakat qildim. Vaqtida men ham jahon chempionatida debut qilganman, bu tajriba hozir shogirdlarimga yordam berishi mumkin, — dedi 2006 yili Italiya terma jamoasi sardori sifatida jahon kubogini boshi uzra ko‘targan Fabio Kannavaro.
Uning ta’kidlashicha, Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalari yuqori darajadagi futbol ko‘rsatmoqda va tarkibida mahoratli o‘yinchilar jamlangan.
— Bunday raqiblarga qarshi bahslarda har bir epizodda juda ehtiyotkor va diqqatli bo‘lish kerak. Kolumbiya tarkibida faqat Xames Rodriges emas, balki yana ko‘plab yuqori toifali futbolchilar bor, — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Kannavaro Kolumbiya termasi o‘yini chuqur tahlil qilinganini ham qayd etdi.
— Kolumbiya — oxirgi daqiqalargacha kurashdan to‘xtamaydigan jamoa. Biz ham maydonga o‘z imkoniyatlarimizni namoyish etish va munosib natija qayd etish uchun tushamiz, — dedi Kannavaro.
Eslatib o‘tamiz, "JCh-2026" saralash guruhi doirasidagi O‘zbekiston — Kolumbiya uchrashuvi 18 iyun kuni tongda bo‘lib o‘tadi. O‘yin boshlanishi Toshkent vaqti bilan soat 07:00 ga belgilangan.

Fikrlar