Klub xo‘jayini “Tottenxem”dan 27 million funt olib ketdi
“Tottenxem” Daniel Levini klub prezidenti lavozimidan ozod etish uchun 27 million funt to‘lashga majbur bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Levi 24 yillik faoliyatidan so‘ng 2025 yil sentabr oyida “Tottenxem”ni tark etgan. “Shporlar”ning eng yirik aksiyadori bo‘lgan Lyuis oilasi klub boshqaruvini o‘z qo‘liga olishga qaror qilgan.
The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, Levi bilan xayrlashish “Tottenxem” byudjetiga jiddiy zarba bo‘lgan. 27 million funtlik kompensatsiya Danielning maoshi, ishlagan yillari uchun bonuslari va klubning uzoq muddatli rag‘batlantirish dasturi doirasida unga to‘lanishi kerak bo‘lgan mablag‘lardan tashkil topgan.
Shu bilan birga, Levi “Tottenxem”ning 20 foizdan ortiq ulushiga ega hammuassis-aksiyador bo‘lib qolmoqda. Lyuis oilasi klub kapitaliga 320 million funt kiritganidan so‘ng, Daniel bu jarayonda ishtirok etishdan bosh tortgan va natijada uning ulushi biroz kamaygan.
Qayd etish joizki, bu Premier-liga klublari rahbarlarini ishdan bo‘shatish uchun to‘langan eng yirik kompensatsiyalardan biri hisoblanadi. Biroq bu summa Marina Granovskaya 2022 yilda “Chelsi”ni tark etganida olgan 35 million funtlik kompensatsiyadan kam.

Fikrlar