"Kuvayt SK" Rashidov, Obi Mikel va boshqalarni tantanali ravishda tanishtirdi! Futbolchimizning yangi klubidagi oylik maoshi qanchaligini bilasizmi?

  • 03.08.2021 23:44
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol

Xabaringiz bor, yaqinda hamyurtimiz Sardor Rashidov klubini o‘zgartirgan holda Kuvaytning “Kuvayt SK” jamoasi bilan bir yillik shartnoma imzoladi. Shu tariqa, uning yangi mamlakatdagi faoliyati boshlandi. Yana legionerga aylangan futbolchimiz bir necha kun avval yangi klubiga etib bordi. Shuni aytish mumkinki, Rashidovni Quvaytda juda samimiy tarzda kutib oldilar. Ular anchadan beri ushbu transferni kutayotgandilar. Chunki quvaytliklar hamyurtimizning qanday imkoniyatlarga qodirligini yaxshi bilardilar. Axir Rashidovni qo‘lga kiritishgani bejiz emas, albatta. Shu boisdan, “Kuvayt SK” Sardorni katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Bu esa o‘z navbatida hamyurtimizning kayfiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini qo‘shimcha qilsak arziydi.

Eng asosiysi, birinchi kundanoq Rashidov Kuvaytda o‘zini xuddi o‘z uyidek his qilishni boshladi. Chunki klubdagilar unga katta e’tibor va shu bilan birga katta ishonch bildiryapti. Yangi jamoasi ham Sardorni go‘yoki eski qadrdonlardek qabul qilganini eshitish yoqimli. Shu sababli ayni paytda futbolchimizning u erga moslashish jarayoni ancha engil kechyapti. Yangi jamoasida mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan va ikki kundan keyin yig‘in o‘tkazish uchun Turkiyaga jo‘nab ketadi.

rashidov4

Kuni kecha “Kuvayt SK” klubi jamoaga yangi qo‘shilgan futbolchilarni keng ommaga tanishtirdi. Avvalo, shuni ta’kidlashni istardikki, klubning matbuot xizmati Sardor Rashidovga atab, ajoyib videorolik tayyorlagan va uni o‘z muxlislariga taqdim etdi. Tanishtiruv marosimi esa yuqori darajada tashkillashtirildi.

Jamoaga taklif qilingan har bir yangi o‘yinchi jurnalistlarga alohida tanishtirib o‘tildi. Darvoqe, “Kuvayt SK” shu kuni hammasi bo‘lib besh nafar legionerning taqdimot marosimini o‘tkazdi. Bular – Jon Obi Mikel, Rayan Makgovan, El Mexdi Barraxma, Al Turkomani va Sardor Rashidov. Marosimni klub prezidentining shaxsan o‘zi olib bordi. Biz uchun qiziq jihati, “Kuvayt SK” xo‘jayini o‘zbekistonlik futbolchiga alohida e’tibor qaratdi. U haqida yig‘ilganlarga juda iliq fikrlarni va Sardordan umidi katta ekanligi, shu bilan birga ushbu transfer klub uchun juda muhim bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

O‘z navbatida so‘z Rashidovga berildi va u ingliz tilida o‘z fikrlarini bayon etdi. Jumladan, shunday dedi: “Avvalambor, “Kuvayt SK” klubi prezidentiga bildirilgan ishonch uchun katta rahmat. Bu erga kelishimdan oldin yangi jamoam haqida qisqacha o‘z fikrimga ega edim. “Kuvayt SK” arab davlatlari orasida taniqli va o‘z tarixiga ega bo‘lgan jamoa. Mana shunday klubdan tushgan taklifga qiziqishim bo‘ldi. Menga yaxshi taklif bildirishgani uchun bularga rahmat. Jamoa oldida OFK Kubogi o‘yinlari hamda milliy chempionat bahslari turibdi. Obi Mikel, yangi legionerlar va butun jamoa bilan hamjihatlikda yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz. Har bir uchrashuvda borimizni berib o‘ynaymiz. Nimaga qodir bo‘lsak, barchasini “Kuvayt SK” uchun beramiz, hammaga rahmat, - dedi Rashidov.

rashidov

Shuningdek, tanishtiruv marosimida Jon Obi Mikelga ham alohida e’tibor qaratildi. Har holda u jahon tanigan, Evropaning kuchli klublarida to‘p surgan futbolchidir. Faoliyatining katta qismini “Chelsi”da o‘tkazgan nigeriyalik o‘yinchi oxirgi marta Angliyaning “Stok Siti” jamoasi sharafini himoya qildi. 34 yoshli futbolchi endilikda hamyurtimiz Sardor Rashidov bilan bir jamoada to‘p suradi. E’tiborimizni tortgan yana bir jihat shunda bo‘ldiki, Obi Mikel Rashidov bilan darhol yaxshi munosabat o‘rnatdi. Buni o‘sha tanishtiruv marosimida ham ko‘rdik. Ular yonma-yon o‘tirgan holda yaxshi kayfiyatda suhbatlashishdi. Bu jarayon biz uchun qiziq ko‘ringani bois Sardordan o‘sha vaziyatda nimalar haqida gaplashgani haqida so‘radik.

- Obi Mikel bilan juda yaxshi chiqishib ketdik. U birinchi marta arab chempionatiga keldi. Shuning uchun mendan bu masalada o‘zini qiziqtirgan narsalarini so‘radi. Masalan, arab chempionati qanday o‘tishi, bu erdagi vaziyat, o‘yinlar qay tariqa kechishi kabi holatlar to‘g‘risida so‘radi. Biz ancha bir-birimiz bilan kulishib, gaplashib o‘tirdik. U “Stok Siti”dan kelgani uchun unga hazil tariqasida kelasi yili meni “Stok Siti”ga o‘tkazasanmi, dedim. Xullas, Obi Mikel bilan ham tezda do‘stlashib ketdik, - deya o‘sha suhbatni esladi, Sardor.

rashidov3

Jamoaga yangi qo‘shilgan futbolchilarga an’anaga muvofiq qaysi raqamda to‘p surishi aks ettirilgan futbolkalar topshirildi. Rashidov esa “Quvayt SK” safida 17-raqamda o‘ynaydigan bo‘ldi. Bu uning uchun yangi raqam desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, bunga qadar uni klublarda va terma jamoada 9, 10, 27 kabi raqamlarda ko‘rganmiz. Hamyurtimiz 17 ni o‘zi tanladimi yoki...bu borada Rashidov Sports.uz saytiga shunday dedi: “Raqamni o‘zim tanladim. Klubda 7- va 10-raqamlarda 10 yildan beri o‘ynab yurgan futbolchilar bor ekan. Shuning uchun ularni xafa qilgim kelmadi va 17 ni oldim”.

rashidov1

Ha, Rashidov 7 hamda 10-raqamlarni yoqtirardi. Lekin yangi klubida buning o‘z egalari bor ekan. E’tibor qilsak, Rashidov shunga qaramay, ushbu vaziyatdan ustalik bilan chiqib ketganini ko‘rish mumkin. Ya’ni, Sardor 7 bilan 10 ni birlashtirib o‘zi uchun 17-raqamni tanlagan!

Yodingizda bo‘lsa, Sardor “Kuvayt SK” bilan shartnoma imzolaganidan keyin Sports.uz uchun intervyu bergandi. O‘shanda quvaytliklarning taklifi qolgan barcha tanlovlarni “sindirdi” degan. Bu klub hamyurtimizga moddiy tomondan ham juda yaxshi sharoitni o‘rtaga tashlagani ma’lum edi. E’tiborlisi, Rashidovning “Kuvayt SK”da oladigan puli ochiqlandi. Klub matbuot xizmatining xabariga qaraganda, uning oylik maoshi 100 ming AQSh dollarini tashkil etadi! Omadini bersin....   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Akmal Akobir
04/08/2021 17:27
Омадини берсин лекин узидан Роналдо ясаб олмаса булди
solijon bobokulov
04/08/2021 08:43
Shomurodov 2mln
Rashidov 1,2 mln
Zo'r!
&
Ашуров Бахтийор
04/08/2021 05:44
Амадини берсин!!!