
Legionerimiz armiyaga ketishi sababli klubini tark etdi
Tojikiston chempionati ham oxirlab qolmoqda. Sovrindorlar esa aniq. “Istiqlol” doimgidek mamlakat chempioni, “Xo‘jand” esa kumush medal egasiga aylandi. Demak, o‘z-o‘zidan ushbu klubda o‘ynayotgan legionerlarimiz ham kumush medalga sazovor bo‘lishdi. Lekin “Xo‘jand”dagi hamyurtlarimizning safi yana bittaga kamaydi.
Gap shundaki, iqtidorli yarim himoyachimiz Sanjar Rixsiboev mavsum yakunlanmasidan oldin klubini tark etishga qaror qildi. Endi u erda Ma’mur Ikromov bilan Siroj Hamroev qoldi. Rixsiboev “Xo‘jand”ning etakchilaridan biriga aylangandi. Klubdagilar uni olib qolishmoqchi bo‘lishgandi. Biroq legionerimiz armiyaga borib xizmatlik burchini bajarishni klubidan ustun qo‘ydi. Bu borada futbolchimiz sports.uz muxbiriga quyidagilarni aytdi.
“Klubdan hech kim meni haydagani yo‘q”
- “Xo‘jand”dan kimdir meni haydab yuborgani yo‘q, - deb gap boshladi, Rixsiboev. - O‘z xohishim bilan ketishni istadim. Bunday qarorga kelishimning ham sababi bor edi. Mening armiyaga boradigan vaqtim kelib qolgandi. Tojikiston chempionati yakunlanishiga uchta tur qolgan, “Xo‘jand”ning esa ikkinchi o‘rinni egallashi deyarli aniq bo‘lib ulgurgandi. Klub rahbarlariga vaziyatni tushuntirib, bir oylik xizmatga borishim kerakligini aytganimda, ular mening ketishimga ruxsat berishdi. Xudo xohlasa, 3 oktyabrda armiyaga ketaman.
“Xo‘jand”dan ketish oson bo‘lmadi”
- Qaerda o‘ynasangiz ham o‘ziga yarasha nomingiz qoladi. “Xo‘jand”da bir yil bo‘ladimi yoki bir oymi, o‘tgan vaqt davomida klub bilan birga bo‘ldim. Biz u erda bir oiladek bo‘la olgandik. Yaxshi jamoa edi, ketish qiyin bo‘ldi. Menimcha, bir yil o‘ynab, o‘sha erga o‘rganib qolgan o‘yinchiga u erni tark etishi oson bo‘lmasa kerak.
“Hayotda armiyaga borib kelganim asqotadi”
- Avvalo xizmatni o‘tab kelay, qolgani bir gap bo‘lar. Yashirmayman, oldimda ikki-uchta variant turibdi. Lekin men dastlab xizmatga borish haqida o‘ylayapman. U erga borib kelganimdan keyin yangi hayotga qadam qo‘yaman. To‘y ham boshlab qo‘yganmiz. Bilasizmi, meni hech kim armiyaga majburlagani yo‘q. O‘zim xohlab ketyapman. “Xo‘jand”ni o‘z ixtiyorim bilan tark etdim, xizmatga borish uchun. Futbolni nari borsa maksimal 35 yoshgacha o‘ynasak, undan keyin armiyani o‘tab kelganim asqotishi mumkin. Shu bois hozir vaqtida xizmatni o‘tab kelganim o‘zim uchun ham yaxshi. Tojikistonda 4 oktyabrda chempionat ham tugaydi. Shuning uchun u erdan ertaroq qaytdim.
“Yaxshi takliflar bor”
- Tojikistonga yana qaytamanmi? Ochig‘i, bilmadim. Mabodo, qiziqarli taklif tushsa, balki qaytishim ham mumkin. Ammo hozirdan bir nima deya olmayman. Qishki yig‘inlar chog‘ida ko‘p narsaga oydinlik kiritiladi. Boya aytganimdek, oldimda yaxshi takliflar bor. Lekin klublar nomlari hozircha sir bo‘lib tursin. Keyinchalik hammasini bilib olasizlar. Ungacha indamay turganim yaxshi, - dedi Sanjar.
Fikrlar