"Liverpool" Arne Slot bilan xayrlashuv haqida bayonot berdi
"Liverpul" klubi egalari bosh murabbiy Arne Slotning ketishi ortidan rasmiy bayonot e’lon qildi.
Bayonotda bu qaror oson qabul qilinmagani, ammo klubning keyingi taraqqiyoti uchun o‘zgarishlar zarur deb topilgani ta’kidlangan.
"Bu klub uchun juda qiyin qaror bo‘ldi. Arnening “Liverpul”dagi hissasi katta, muhim va eng muhimi — muvaffaqiyatli bo‘ldi.
Biz uning mehnatsevarligi, fidoyiligi va yuqori darajadagi professionalligini juda qadrlaymiz. U o‘z sohasining yetakchilaridan biri ekanini yana bir bor isbotladi.
Arne bilan ilk uchrashuvimizdanoq u mas’uliyatni nafaqat zimmasiga olishi, balki uni to‘liq qabul qilishi ayon bo‘lgan edi.
Bu uning bosh murabbiylikka kelishida, jamoani Angliya chempioni qilishida va o‘tgan mavsum davomida katta bosim hamda qiyinchiliklarga qarshi turishida namoyon bo‘ldi.
Shu bilan birga, klubning keyingi rivojlanishi uchun o‘zgarishlar zarur degan xulosaga keldik. Bu qarorni qabul qilish juda og‘ir bo‘ldi.
Arne “Liverpul” tarixida klubga 20-chempionlikni taqdim etgan murabbiy sifatida qoladi.
Bu muvaffaqiyat, ayniqsa, uning ilk mavsumida qo‘lga kiritilganini hisobga olsak, uning murabbiylik mahorati va yetakchilik qobiliyatidan dalolat beradi.
U Diogu Jota vafotidan keyingi eng og‘ir davrlardan birida ham klubga katta yordam berdi. O‘sha vaqtda namoyon etgan insoniylik va mehr-oqibati uni shaxs sifatida ham yuksak darajada tavsiflaydi.
Biz unga faqat muvaffaqiyatlar tilaymiz. Uning “Liverpul”da qoldirgan merosi yillar o‘tishi bilan yanada qadrlı bo‘lib boradi.
Arne klubdan minnatdorchiligimiz, Premyer-liga chempionligi va “Enfild” eshiklari unga hamda uning oilasiga doimo ochiq bo‘lishi haqidagi ishonch bilan ketmoqda", — deyiladi bayonotda.

Fikrlar