Madridliklar ikki mashhur oʻyinchini ijaraga berib yubordi
Madridning “Atletiko” klubi rasmiy sayti orqali asosiy jamoaning ikki yetakchi futbolchisini ijaraga berganini e’lon qildi.
“Matraschilar” matbuot xizmati jamoaning uchinchi sardori – urugvaylik himoyachi Xose Mariya Ximenes Ispaniyaning boshqa klubi – “Deportivo”ga (La-Korunya) bir yillik ijara asosida, keyinchalik sotib olish optsiyasi bilan o‘tganini bildirdi.
Fransiyalik hujumkor yarim himoyachi Toma Lemar esa “Elche”ga bir yilga, sotib olish imkoniyatisiz ijaraga berildi.
Ximenes 31 yoshda. U 2013 yilda Urugvayning “Danubio” klubidan “Atletiko”ga o‘tgan va shu yili Diego Simeone qo‘l ostida jamoa tarkibida debut qilgan.
Urugvaylik futbolchi “matraschilar” safida jami 384 ta o‘yin o‘tkazgan va 14 ta gol, 13 ta golli uzatma qayd etgan. U Koke va Yan Oblakdan keyin madridliklar jamoasining uchinchi kapitani bo‘lgan.
Lemar 30 yoshda. Fransiyalik futbolchi sakkiz yil avval “Monako”dan “Atletiko”ga 72 million yevro evaziga o‘tgan va o‘sha paytda klub tarixidagi transfer rekordini o‘rnatgan.
Toma Lemar o‘tgan mavsumni “Jirona”da ijara asosida o‘tkazgan. U “Atletiko” safida jami 186 ta uchrashuvda maydonga tushib, 10 ta gol urgan va 19 ta golli uzatma amalga oshirgan.

Fikrlar