"Manchester Siti" himoyachining maoshini oshiradi
Yaxshi xabar
«Manchester Siti» klubi portugaliyalik Matteush Nun’yesh bilan yangi uch yillik shartnoma borasida kelishuvga yaqin. Bu haqida Manchester Evening News nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining haftalik maoshi 20 ming funtga oshirilib, bonuslarsiz 150 ming funtni tashkil etadi. Hozirda amal qilayotgan shartnoma 2028 yil yozigacha mo‘ljallangan.
Matteush Nun’yesh 2023 yil yozida «Vulverxempton» klubidan «Manchester Siti» safiga 62 million yevro evaziga o‘tgan edi. Dastlabki mavsumida u asosiy tarkibda bor-yo‘g‘i yetti o‘yinni boshlab berdi, asosan yarim himoyada harakat qildi. 2025 yilda Kayl Uoker jamoani tark etganidan so‘ng, Nun’yesh pozitsiyasini o‘zgartirib, himoyaning o‘ng qanotida o‘ynay boshladi. O‘tgan mavsumda u shu vazifada mustahkam o‘rin egallab, 32 bor maydonga asosiy tarkibda tushdi.
Madridning «Real» klubi qiziqishiga qaramasdan, «Manchester Siti» portugaliyalik futbolchini jamoada saqlab qolish niyatida. Hozirda Nun’yesh jarohatdan keyin tiklanish jarayonini o‘tkazmoqda.
Shartnoma uzaytirilishi klubga nisbatan moliyaviy qoidalarni buzish ishi bo‘yicha olib borilayotgan tekshiruvlar fonida sodir bo‘lmoqda. Ushbu ish doirasida «Manchester Siti»ga jiddiy jazolar, jumladan ochkolarni kamaytirish kabi sanktsiyalar qo‘llanilishi ehtimoli bor.
Izohlar (0)