
“Manchester Yunayted” Husanovga qarshi o‘ynagan futbolchini sotib yuboradi
Mavsumni bo‘sh o‘tkazayotgan “Manchester Yunayted” tarkibda o‘zgarishlar qilishni rejalashtirmoqda. Xususan, klub qimmatbaho o‘yinchilardan biri Manuel Ugarteni sotib yubormoqchi.
24 yoshli urugvaylik tayanch yarim himoyachiga Italiyaning A Seriyasining bir necha klublaridan jiddiy qiziqishlar bo‘lyapti. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Manchesterliklar uni qo‘yib yuborishga qarshi emas. Biroq bu transfer uchun kamida 60 million evro talab qilishmoqda. “Yunayted” bu futbolchini 2024 yilning yozida PSJdan 50 million evroga transfer qilgan edi.
Manuel Ugarte APLning to‘rtinchi turida “Manchester Siti”ga qarshi 80 daqiqa o‘ynab, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarishni uddalay olmadi.
Aslida Urugvayning “Feniks” jamoasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Ugarte Evropaga 2021 yili olib kelingan. Shundan keyin u Portugaliya chempionatida “Famalikan” va “Sporting”, Frantsiyada “Pari Sen-Jermen” klublari sharafini himoya qilgan. Manchesterliklar bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yarmigacha davom etadi.
Fikrlar