Manchesterda qolsang, maoshing kesiladi!
“Manchester Yunayted” hujumchi Markus Reşford “Barselona”dan ijaradan qaytgandan keyin oʻziga yangi jamoa topishi talab etilayapti.
Angliyalik futbolchi Manchesterda qolishga ham qarshi emas. Biroq u jamoaga qaytishi uchun maoshi qisqarishiga rozilik berishi kerak. Bu haqida Goal va Manchester Evening News kabi nufuzli manbalar xabar berdi.
Manbaga koʻra, klub rahbariyati maoshlar tizimini muvozanatlashtirish ustida ishlamoqda. Shu bois, Reşforddan yangi shartnoma imzolab, haftasiga 325 ming funt sterling (taxminan 380 ming yevro) miqdoridagi amaldagi maoshini kamaytirishga rozilik berishi soʻraladi.
Manchesterliklar rahbariyati Reşfordning yuqori maoshi jamoa ichida norozilik keltirib chiqarishi va boshqa futbolchilar ham shunga teng xizmat haqi talab qilishi mumkinligidan xavotirda.
28 yoshli Reşford «Manchester Yunayted» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yozigacha amal qiladi.

Fikrlar