Marko Milich: Superligaga chiqsak, kelasi yili ham "Buxoro"da qolaman, vazifani bajarish qo‘limizdan keladi!

  • 12.02.2021 21:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Serbiyalik himoyachi Marko Milich kuni kecha “Buxoro” klubi bilan shartnoma tuzdi. Shu tariqa, u bir yillik tanaffusdan keyin, yana O‘zbekiston Superligasiga qaytdi.

O‘tgan yili Tojikistonning “Istiqlol” sharafini himoya qilgan va undan avval “Qo‘qon-1912”da to‘p surganini ko‘pchilik yaxshi eslab qolgan bo‘lsa kerak. “Buxoro” Milichning faoliyatida yangi jamoa hisoblanadi.

“Buxoro” klubiga o‘tishi kim sababchi?

- Meni “Buxoro” klubiga shaxsan bosh murabbiy – Davron Fayzievning o‘zi taklif qildi. U o‘tgan yili sobiq jamoam – “Qo‘qon-1912”da ishlaganidan xabarim bor. O‘z o‘rnida, meni taklif qilgani uchun Davron Fayziev va “Buxoro” klubiga minnatdorlik bildirmoqchiman. Ular bu erga taklif qilish orqali menga bo‘lgan ishonchi va hurmatini namoyish etishdi.

U 34 yoshda va oldingidek etarli kuchga egami?    

- Ha, gapingizga qo‘shilmasdan ilojim yo‘q, men chindan ham 34 yoshdaman va bunday yoshda legioner sifatida to‘p surish og‘ir, buni o‘zingiz ham bilasiz. Bir maromda barqaror to‘p surish uchun to‘g‘ri ovqatlanish, mashg‘ulot o‘tkazish va ishlash kerak. Qisqasi, sog‘lom hayot tarziga amalga qilish kerak bo‘ladi. Barchasini to‘g‘ri bajarish hamda qat’iy rejimga amal qilish talab qilinadi. Chunki sportchilarning hayot tarzi oson emas. O‘ziga yarasha og‘ir, deb aytish mumkin. Agar ishlarni to‘g‘ri bajarsangiz katta muammolarga duch kelmaysiz. Asosiysi, yuqorida aytganimdek, sog‘lom hayot tartibiga amal qilish zarur.

Pro-liga uning uchun ortga tashlangan qadam emasmi?

- Ha, bu yil pro-ligada o‘ynayman. Nima uchun bunday qarorga kelganim bilan qiziqyapsizmi? Bilasizmi, “Buxoro” garchi pro-ligaga tushgan bo‘lsa-da, darhol yana Superligaga qaytish vazifasi qo‘yilgan. Demak, jamoa bu yil yana elitaga qaytish uchun kurashadi va bu asosiy maqsad. Menga shunisi yoqdi. Shu bois “Buxoro”ga keldim va qo‘yilgan maqsadi yo‘lida men ham qo‘limdan kelganicha yordam beraman. Muhimi, bizda aniq vazifa bor. Bu erda yaxshi darajadagi murabbiylar shtabi va futbolchilar yig‘ilgan. Jamoamiz juda ahil. Ishonamanki, shu yilning o‘zidayoq Superligaga qaytishga erishamiz.

Milich yana qancha muddat futbol o‘ynamoqchi?

- Fikrimcha, ko‘pi bilan yana ikki-uch yil futbol o‘ynasam kerak. Xudo nasib qilib, Superligaga chiqsak, kelasi yili ham “Buxoro”da qolaman. O‘zbekistonda menga hamma narsa yoqyapti. Bu erda o‘zimni xuddi uydagidek juda erkin va xotirjam his qilyapman.

miltch_1

Yurtimizda serbiyalik futbolchilar nima uchun ko‘pligi xususida

- To‘g‘ri, har yili O‘zbekiston chempionatida kamida 10 nafardan serbiyalik futbolchi to‘p suradi. Buning sababini bilmayman. Lekin bu erda futbol darajasi yuqori. Mamlakat juda ajoyib, hammasi zo‘r. Bizga bo‘ladigan munosabatlar ham yaxshi. Asosiysi, hurmat qilishadi. Serbiyadan kelsak, doimo iliq holatda kutib olishadi.

Serbiyalik legionerlarning o‘z yurtida va O‘zbekistonda

oladigan oylik maoshlarida tafovut kattami?

- Bu hech qanday sir emas va berkitadigan gap ham emas. Ammo, to‘g‘risi, men bu xususda gapirmoqchi emasman. Agar bu haqida aytsam, xunuk bo‘ladi, chiroyli ish bo‘lmaydi. Faqat shuni aytishim mumkinki, bu erda hamma xursand. Futbolchilarni barcha narsa qoniqtiryapti.

Pro-ligadagi intriga va “Buxoro”ning asosiy raqibi kim?

- Bu yil eng asosiy raqib “Neftchi” bo‘ladi. Farg‘onadan yana bir jamoa – “Istiqlol” ham bor. Aytishlariga qaraganda, Samarqandning “Dinamo” klubi ham jiddiy qarshilik ko‘rsatsa kerak. Har holda, ular ham yaxshi jamoa tuzishyapti, deb eshitdim. Bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi. Xudo xohlasa, Superligaga chiqish bizning qo‘limizdan keladi.

Tojikistonda o‘tkazgan faoliyati qanday kechdi?

- To‘g‘ri, men o‘tgan yili Tojikistonning “Istiqlol” klubida to‘p surdim. Chempionlikni qo‘lga kiritdik va bundan tashqari Superkubokni ham yutdik. Bilasiz, o‘tgan yili Osiyo Chempionlar ligasining pley-off bosqichida Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi o‘ynadik va g‘alaba qozongandik. Lekin oxirgi saralash bosqichida “Al-Ahli” bilan jiddiy kechgan uchrashuvda mag‘lubiyatga uchrab, yurishimizni to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Xo‘sh, “Istiqlol” haqida nima deyishim mumkin? Bu chempion jamoa, yaxshi tarkibga ega. Klub kuchli murabbiyga ham ega. Umid qilamanki, bu yil ushbu jamoa Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Sobiq klubimdagilarga omad tilab qolaman. Menga ko‘rsatishgan e’tiborlari uchun rahmat aytmoqchiman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!