"Mash’al" ganalik yarim himoyachi bilan shartnoma imzoladi
Muborakning "Mash’al" jamoasi 2026 yilgı mavsum oldidan tarkibni kuchaytirish borasidagi ishlarini davom ettirmoqda. Klub ganalik markaziy yarim himoyachi Abdul Rashid Abubakar bilan shartnoma imzoladi.
"2000 yil 16 mart kuni tavallud topgan (25 yosh) futbolchi maydon markazida ishonchli harakatlari, yuqori jismoniy tayyorgarligi va universalligi bilan ajralib turadi. U markaziy yarim himoyachi pozitsiyasidan tashqari tayanch hamda hujumkor yarim himoyachi sifatida ham samarali o‘ynay oladi. Bo‘yi 178 sm bo‘lgan Abubakar o‘ng oyoqli futbolchi hisoblanadi.
Abdul Rashid Abubakar professional faoliyatini Assra Lions klubida boshlagan. Keyinchalik u xalqaro maydonlarda to‘p surib, turli mamlakat chempionatlarida tajriba orttirdi. Xususan, Bosniya va Gersegovinada FK Sarajevo safida, Serbiyda Loznica jamoasida, Omanda Bahla, Moldovada Spartanii Selemet klublari sharafini himoya qilgan. Shuningdek, Qozog‘iston Premer-ligasida Ordabasy hamda Atyrau jamoalari tarkibida ishtirok etgan.
Futbolchi «Mash’al» safiga erkin agent sifatida kelib qo‘shildi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, uning transfer qiymati 100 ming yevroga baholanmoqda.
Yangi legionerning maydon markazidagi faolligi, o‘yinni o‘qish qobiliyati hamda xalqaro tajribasi «Mash’al» jamoasining yangi mavsumdagi oldiga qo‘yilgan maqsadlariga erishishida muhim omil bo‘lishi kutilmoqda", - deya xabar berdi klub matbuot xizmati.
Fikrlar