"Mash’al" o‘yinchilarini transfer qilmoqchi! Klub Superligada qolmasa Xomyakov ketadimi? Bosh direktor "A" va "V" rejalar haqida gapirdi

  • 07.11.2021 20:02
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol

Superligada qolish uchun intriga yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Chempionat tugashiga ikki tur qoldi. Hali qaysi klublar elita bilan xayrlashishi to‘liq oydinlashmagan. Katta ehtimol barchasi oxirgi turda hal bo‘ladiganga o‘xshayapti.

Muborakning “Mash’al” jamoasi ham bu safar ligada qolish uchun kurashadigan jamoalar qatoriga tushib qoldi. Tarkibi asosan yoshlardan va afrikalik legionerlardan tashkil topgan klubga barqaror o‘yin ko‘rsatish qiyinroq kechyapti. 24-turda “Mash’al”da ochkolarini ko‘paytirib olish uchun yaxshi imkoniyat bor edi. Oxirgi o‘rinda borayotgan “Turon”ni mag‘lub etganida biroz engilroq nafas olayotgan bo‘lardi. Ammo o‘z maydonida debyutant bilan durang o‘ynab qo‘ydi.

- Muborakdagi “Mash’al” bilan “Turon” o‘rtasidagi o‘yin jamoalar uchun olti ochkolik ahamiyatga ega edi. G‘alaba juda zarur bo‘lgan bahsda 0:0 hisobi qayd etildi. Bu durang ko‘proq kimga foyda bo‘ldi?

- Bu durang ko‘proq “Turon”ga foyda berdi. Bu orqali “Turon”da ham imkoniyatlar paydo bo‘lyapti. Nazariy jihatdan hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham “Turon”da imkoniyat paydo bo‘lyapti. Deylik, “Metallurg” keyingi turda “Turon” bilan o‘ynaydi. Hamma narsa bo‘lishi mumkin, to‘g‘rimi? Keyin oxirida “Andijon”ni qabul qiladi. Bu o‘yinda ham istalgan natija kuzatilishi tabiiy. Shuningdek, andijonliklar ungacha o‘z maydonida “Navbahor”ni qabul qiladi. Qanday hisob bo‘lishini hech kim bilmaydi. Superligadan kimlar chiqib ketishi oxirgi turgacha aniq bo‘lmaydi. Ammo keyingi turda ko‘p narsaga oydinlik kiritib berishi ham mumkin.

kurbonov1

- “Mash’al” nima uchun o‘z maydonida yutishi kerak bo‘lgan bahsdan foydalana olmadi?

- Qaerdadir o‘zimiz aybdormiz. Chunki yaxshi o‘ynamagandirmiz. Yoki kuchimiz etmagandir, yana qaerdadir xato qilgandirmiz. Ayb o‘zimizda, boshqa yana nima deyman?

- Demak, jamoangizni ikki ochko yo‘qotdi deb hisoblaysizmi?

- Qaerdadir ha. Chunki birinchi taymda ham, ikkinchi taymda ham imkoniyatlarimiz bor edi. Afsus, gol urolmadik.

- “Mash’al” nima uchun ligada qolish uchun kurashadigan jamoalar qatoriga tushib qoldi?

- Sababi ko‘p. Omadga ham bog‘liq. Qanday boshlasanagiz, shunday tugatasiz deyishadi-ku. Yil boshida balki xato qilgandirmiz. Shuning evaziga og‘ir mavsumni o‘tkazyapmiz. Puxta tayyorgarlik ko‘ra olmaganmiz.

mash’al1_1

- Ikkita tur qoldi. “Mash’al”ning hisobida 20 ochko bor. Superligada qolish imkoniyatini qanday baholayapsiz? Bu borada rahbar sifatida sizda xavotir kuchlimi?

- Xavotir bor. Lekin “A” va “V” reja bor. Biz ikkala rejaga ham tayyormiz. Ammo oxirigacha kurashamiz, nima uchun kurashmaymiz? Biz har doim harakat qilganmiz.

- Aynan keyingi mavsum uchun qanday rejalaringiz bor?

- Barcha rejalarimiz tayyor. Aytyapman-ku, rejamiz ikki xil. Hammasiga tayyormiz. Hayot davom etaveradi, biz esa maksimal darajada ishlashda davom etaveramiz.

- Demak, jamoa pro-ligaga tushib ketsa, buning uchun ham alohida reja bor ekanda-a?

- Ha, shunday.

- U holda “Mash’al”da yana transferlarni ko‘ramizmi?

- Qolishimiz yoki qolmasligimizga qaramasdan transferlar bo‘ladi, klubda. Xarid qilish emas, balki sotish haqida. Yosh iqtidorlarni qidirib topish va sotish bizning ish rejamiz.

kurbonov2_2

- Qaysi futbolchilarni sotish mo‘ljallanyapti?

- Bu loyihamiz haqida ko‘p gapiryapmiz. Agar kimnidir aytsam, unisi emas, boshqasini sotishimiz ham mumkin. 3-4 ta o‘yinchimiz ustida ishlayapmiz. Balki chetga sotishimiz qiyin bo‘lar, ammo ichki bozorda ishlab turibmiz.

- “Mash’al” Superliga bilan xayrlashsa, bu bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovga bo‘lgan ishonchni o‘zgartiradimi?

- U bilan uch yillik shartnomamiz bor. Ishonchni o‘zgartirmaydi, u loyihamizning bir qismi. Yana qaytaraman: qolish uchun oxirigacha kurashamiz. Intriga qiziqarli kechyapti. Kimdir tushib ketishi aniq bo‘lib qolganida unchalik qiziq tuyulmasdi. Hozir esa aksincha. Jamoa va futbolchilar uchun mana shunday intriga bo‘lgani yaxshi. Ko‘proq toblanadi. O‘ylaymanki, buning jamoamizga foydasi ko‘proq tegadi. Mavsum yakuni biz uchun qanday tugashidan qat’iy nazar bu biz uchun dars bo‘ladi. O‘z kuchimiz bilan kuchlilar orasida qolishga harakat qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
08/11/2021 10:41
Nasaf Husniddinni akasini olish kerakda. keyin Sardor Abdurayimov va Humoyonni. turondam olishi kerakda.