
Mayk Tayson va Roy Jons jangida kim g‘alaba qozondi? O‘zbekistonlik boks mutaxassislari javob berdi
Millionlab boks muxlislari orziqib kutgan Mayk Tayson hamda Roy Jons jangi ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur to‘qnashuvdan keyin omma orasida turlicha gap-so‘zlar avj oldi. To‘g‘ri, bu ko‘rgazmali jang edi. Lekin bokschilar imkon qadar jiddiy sur’atda jang olib bordi. Natija borasida ham ikki xil fikrlar paydo bo‘ldi. Ma’lumki, ular o‘rtasidagi jang hakamlar qaroriga muvofiq, durang bilan yakunlangandi. Shubhasiz, bu natija qayd etilishida jang maqomi hamda bu ikki afsonaning to‘qnashuvi ekanligi ham inobatga olindi. Aslida, ushbu jangga mutaxassis sifatida yondashib, ochkolar hisoblanganda, kim g‘alaba qozonardi, degan savol barchani qiziqtirayotgan bo‘lsa, ajab emas.
Biz bu borada yurtimizdagi boks mutaxassislarini fikri bilan qiziqdik.
Muhammadqodir Abdullaev – Olimpiada chempioni
Bu yoshda shunday saviyada jang olib borishni o‘zi bo‘lmaydi. Har ikkisiga qoyil qolish kerak. Biroz ustunlik va aniqlik Tayson tarafida bo‘ldi. Meni fikrimcha, bu jangda Mayk Tayson g‘alaba qozondi.
Zufar Sulaymonov – murabbiy
Aslida, har ikkisi g‘alaba qozondi, deb ayta olaman. Chunki, ularni millionlab muxlislari bor va ular yana bir bora suyukli bokschilarini ringdagi harakatlariga guvoh bo‘ldi. Agar, natijaga to‘xtaladigan bo‘lsak, nisbatan faollik va aniqlik Tayson tarafida bo‘ldi.
Abror Tursunpo‘latov – murabbiy
To‘g‘risi, hozirda Ekaterinburgda bo‘lib turibmiz. Ma’lumki, 5 dekabr kuni Fazliddin navbatdagi jangini o‘tkazadi. Shunga hozirlik ko‘rayotgan edik. Jangni 7 va 8-raundini ko‘rdim. O‘sha ikki raundni inobatga olib, fikr bildiradigan bo‘lsam, bu raundlarda Roy Jons ustunlik qildi. To‘liq jang borasida esa biror fikr bildira olmayman.
Nabijon Ismonov – murabbiy
Bu jangning maqomi barchaga ma’lum. Lekin imkon qadar chiroyli jang ko‘rsatishga harakat qilishdi. Biroz ustunlik Tayson tarafida bo‘ldi. Albatta, bu shaxsiy fikrim.
To‘lqin Qilichev –murabbiy
100 emas, 500% Tayson yutdi. Chunki uning zarbalari aniq va maqsadli bo‘ldi.
O‘tkirbek Haydarov – murabbiy, Olimpiada sovrindori
Natija adolatli bo‘ldi. Har ikkisi jahon boksida o‘z o‘rniga ega. Shunday ekan, jang maqomini va ularning yoshini inobatga olgan holda tashkilotchilar va hakamlar shu qarorga keldi. Shaxsan men ham shu yo‘lni tutgan bo‘lardim. Jangning borishi ham ushbu natija haqqoniy ekanligini ko‘rsatdi.
Sherzod Husanov – professional bokschi
Albatta, bu ko‘rgazmali jang edi. Shunday bo‘lsa-da, Roy Jons ochkolar hisobiga yutdi.
Fikrlar