"Metallurg" yana bir transferni e’lon qildi (foto)
O‘tgan mavsum Superligada “Qo‘qon-1912” jamoasi sharafini himoya etgan serbiyalik Ivan Yosovich “Metallurg” a’zosiga aylandi. Tajribali himoyachi bu mavsum bekobodliklar himoya qo‘rg‘onini mustahkamlashga bel bog‘lagan.
Yosovich Yugoslaviyaning Ivanitsa shahrida, 1989 yilning 27 dekabr sanasida tavallud topgan. Futbolchilik faoliyatini qadrdon shahrida – “Yavor” jamoasida boshlagan Ivan etti mavsum ushbu klub ixtiyorida bo‘ldi.
Biroq Yosovichning ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida klub rahbariyati turli yillarda uni “Sloga”, “Radnichki”, “Bachinchi” singari klublarga ijaraga berdi. 2015 yilning birinchi yarmini “Borats Chachak” klubida o‘tkazganidan keyingina u 2019 yilga qadar “Yavor Ivanitsa” jamoasining asosiy tarkib o‘yinchisiga aylandi.
“Qo‘qon-1912” jamoasiga “Indjiya” klubidan o‘tdi. Uch yil mobaynida qo‘qonliklar tarkibida Superliganing 66 uchrashuvida maydonga chiqdi va 8 ta gol urdi. 16 marta hakamlar tomonidan sariq kartochka bilan “siylandi”.


Fikrlar