
Murod Aliev: "Bunyodkor"da ishlash hamma uchun sharaf bo‘lishi kerak"
Bir necha kun oldin “Bunyodkor” klubi rahbariyatida o‘zgarish bo‘ldi. Bunga qadar OKMKda faoliyat ko‘rsatib kelgan mutaxassis Murod Boqievich Aliev endilikda “Bunyodkor” bosh direktori sifatida faoliyat olib boradi.
Ma’lumki, Aliev 2017-2019 yillar mobaynida ham “Bunyodkor” bosh direktori lavozimida ishlagan. Oradan bir necha yil o‘tgach, Murod Boqievich sobiq jamoasiga qaytdi. Aliev “Bunyodkor”ga qaytganidan keyingi ilk intervyusini Sports.uz saytiga berdi.
- Murod Boqievich, “Bunyodkor” bosh direktori etib tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Hammasi qanday yuz berdi?
- Bo‘sh joyga taklif bo‘ldi. “O‘zbekneftgaz” rahbariyati meni chaqirdi, suhbatlashdik. Oldingi ish faoliyatim bilan tanishishdi. Hammasini inobatga olib, meni shu klubga loyiq ko‘rishdi. Suhbatlashganimizdan so‘ng vazifalar qo‘yishdi. “Bunyodkor”ni ko‘proq jahon arenalarida tanitish, O‘zbekiston chempionatida sovrinlarni qo‘lga kiritish uchun nimalar qilish kerakligi borasida gaplashdik. Niyatimiz jamoani yanada kuchaytirish. Iqtidorli futbolchilarni ko‘paytirish. Bungacha ko‘plab iste’dod egalari “Bunyodkor”dan etishib chiqqan. Otabek Shukurov, Eldor Shomurodov...Bunday o‘yinchilar rosa ko‘p. Faqat to‘xtab qolmaslik kerak. Yoshlarga e’tiborni bundan ham oshirish darkor. Legionerlarga kelsak, nasib qilsa, ulardan ko‘ra yanada kuchlirog‘ini olib kelish lozim bo‘ladi. Chunki xorijdan o‘yinchi chaqirilganida ulardan nimadir o‘rganish kerak. To‘g‘risi, oxirgi paytlarda O‘zbekiston chempionatiga kelayotgan legionerlarni o‘zimizni futbolchilardan ikki karra kuchli, deyishdan yiroqdaman. Shundan kelib chiqib, bir-ikkitasi bilan xayrlashyapmiz. Jamoaga kelsak, hammada shartnoma bor, oxirigacha birga ishlaymiz. Murod aka keldi deb boshqalar bilan shartnoma bekor qilinmaydi. Albatta, o‘zini ko‘rsatganlar yana chiroyli tarzda ishini davom ettiraveradi. Natija bo‘lmasa albatta sportda nimanidir o‘zgartirish kerak. Oldimizda “Paxtakor” bilan “Qizilqum”ga qarshi o‘yinlarimiz bor. Shularga tayyorlanamiz. Shundan keyin ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘ramiz va jamoani kuchaytirish hozirgi kundagi vazifamiz. Murabbiylarga to‘xtalsak, hammasi futbol o‘ynagan. Ularga ham ishonch bildirilyapti va buni oqlashadi, degan umiddaman.
- “Bunyodkor” bosh direktori sifatida ishga kirishganingizdan keyin ishni nimadan boshladingiz?
- Juma kuni rasman e’lon qilishdi va shu kundan boshlab ishlayapman. 2-3 kun ichida nimanidir o‘zgartirish qiyin narsa. Hozirgi paytda hujjatlar bilan tanishish jarayonidamiz. Jamoada 3-4 yil oldin ishlagan paytimdagi murabbiylar ham, o‘yinchilar ham bor. Meni hozirgi kundagi vazifam, avvalo hammasini eshitib, muammolarini ko‘rib, qaerda qanaqa kamchiliklar borligini bilib, shundan keyin nima qilishni hal qilamiz. Asosiy tarkibda qaerdadir o‘zgarish qilish mumkin. Ammo birdaniga katta o‘zgarish qilib bo‘lmaydi. Hammada shartnoma bor. Yaxshi o‘yinchilarni hech kim qo‘yib yuborgisi kelmaydi. Ayrim futbolchilarimizni klubga qaytarish bo‘yicha ish olib borilyapti. Hamma narsa hal bo‘ladigan bo‘lsa, tarkibni kuchaytirishimiz kerak. Maksimal ravishda kurashamiz. Jamoa oldiga kuchli uchtalikka kirish vazifasi qo‘yilgan. Ikkinchi asosiy masala, bu yoshlarimizga e’tibor. Birinchi liga, yoshlar ligasi va akademiyamiz jamoalari ham bor. Ular chetda qolib ketmasligi kerak. Yana viloyatlarda musobaqalar o‘tkazib, iqtidorli bolalarni jalb qilmoqchimiz.
- Sir bo‘lmasa, qaysi legioner bilan xayrlashyapsizlar?
- Bu birgina meni fikrim bo‘lishi kerak emas. Jamoa bilan, murabbiylar bilan gaplashamiz. Hammani fikri bor. Men bitta o‘zim hal qilmayman. Bu erda kengash bilan maslahatlashgan holda ish tutamiz. Masalan, kim keladi, kim ketadi, barcha bilan bafurja maslahat qilib, ish ko‘ramiz. Ya’ni, boshqalar bilan ham fikrlashgan holda hal qilamiz.
- “Bunyodkor”da Murod Otajonov va Hikmat Hoshimov tandemi ish olib boryapti. Siz kelgach, endi murabbiylar shtabida ham qandaydir o‘zgarish ko‘rishimiz mumkinmi? Masalan, Aliev “Bunyodkor”ga o‘tyapti, degan xabarlar fonida Ilhom Mo‘minjonovni ham ushbu klubda ish boshlashi mumkinligi xususida gap-so‘zlar tarqaldi.
- Yo‘q, yo‘q. Bu narsa muhokama qilinmagan. To‘g‘ri, 5:0 hisobidagi mag‘lubiyat og‘ir bo‘ldi. Ammo ungacha natijalari yomon ketmayotgandi. Bilasiz, futbolda 2-3 ta uchrashuvda natija o‘xshamasa murabbiy o‘z xohishi bilan ariza yozib ketadi. Bu erda hech qanaqa muammo bo‘lmasligi kerak. O‘ylaymanki, vaziyat bungacha etib bormaydi. Hali bu haqida qandaydir reja ham yo‘q. Ular o‘z ishini davom ettirishyapti. Birinchidan, Murod Otajonovda pro litsenziya bor. Hikmat Hoshimovda esa hali pro litsenziya yo‘q. Ikkalasi bir-birini tushunib, maslahat qilgan holda ish olib borishyapti. Ayrim mashg‘ulotlarini kuzatdim, yomon emas. Amallab ikkita o‘yinimizni o‘tkazib olsak, o‘ylaymanki, ikkinchi davraga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz. “Bunyodkor” o‘yinida nimadir bor. Jamoada o‘yin mazmuni ko‘rinib turibdi. Xabaringiz bor, murabbiylar jamoaga mavsum boshlanishi arafasida qo‘shilishdi va ularga ma’lum miqdorda vaqt etmagan bo‘lishi mumkin. Agar bu murabbiylarga oldindan biriktirilib, vaqt berilganida balki boshqacha tarkib yig‘ishlari mumkin edi. Hattoki, Turkiyaga ketishayotganida Ivan Boshkovich qolgan va bosh murabbiysiz ketishgandi. Shuni ham inobatga olishimiz kerak, deb o‘ylayman. Keyin tarkibdan ayrim futbolchilar ketishdi. “Paxtakor”, “Navbahor” yoki OKMKdagi tarkibga nisbatan saviya bo‘yicha biroz pastroq bo‘lishi mumkin. Boya aytganimdek, Murod aka kelib hamma narsani o‘zgartirib yubordi, degan gap bo‘lmaydi. Hammani shartnomasi bor va oxirigacha ishlaymiz. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Aravani barchamiz birgalikda tortamiz. Agar kimdir bo‘shlik qilib torta olmasa, unda xayrlashishimizga to‘g‘ri keladi.
- Mavsum boshida “Bunyodkor”dan “Navbahor”ga o‘tgan va hozirda u erdan ham ketishi mumkin deb aytilayotgan Farruh Ikromovni yana “Bunyodkor”ga qaytarish masalasi bormi?
- Hali men Babayan bilan gaplashganim yo‘q. Lekin gaplashishim kerak. Futbolchi u erda etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadi. Ikromov bizning o‘yinchimiz va yana shu erda o‘ynashga xohishi bor. Muammolarini gaplashib, qaytara olsak, unga ishonchimiz katta. Hammani xabari bor, “ochilayotgan” paytida terma jamoada jarohat oldi. Haligacha o‘zining sport formasiga qaytgani yo‘q. Balki “Bunyodkor”ga qaytsa imkoniyat berilib, “ochilib” ketar. “Navbahor”da kuchli futbolchilar yig‘ilgan, ularga qo‘yilgan vazifasiga yarasha har bir uchrashuvda natija muhim sanaladi. Vazifasi yuqori. Farruhga berilayotgan o‘yin vaqti kamlik qilayotgandir. Ikromov yana formasini tiklab olsa, nafaqat “Bunyodkor”, balki bundan o‘zbek futboli ham yutadi. Xudo xohlasa, muammo bo‘lmaydi, degan umiddaman.
- Bungacha OKMK klubida faoliyat olib bordingiz. Bu jamoani tark etishingiz qiyin kechmadimi?
- Rostini aytsam, hali jamoa bilan xayrlashmadim, vaqtim bo‘lgani yo‘q. Ammo ularga boraman deganman. Albatta, OKMK klubidagilar bilan xayrlashib kelishim kerak. Mirjalol Qosimov, murabbiylar shtabi, butun jamoa bilan albatta xayrlashib qaytaman. Shuncha yil birga ishladik, rahbariyat bilan ham, hamma bilan ham bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Meni to‘g‘ri tushunishadi, degan umiddaman. Hozir bu erdagi ish jarayoni katta. Har doim “Bunyodkor”da boshqacha qaralgan. Bu jamoani o‘z o‘rni bor. Nafaqat o‘yin, balki futbolchilarni o‘zlarini tutishi, qanaqa murabbiylar ishlayapti, ular bunga loyiqmi, kelajakda ularni qo‘lidan qanday iste’dodlar chiqadi, mana shunday masalalarga ham e’tibor berishimiz kerak. O‘ylaymanki, “Bunyodkor”dagi sharoit ancha-muncha klublarda yo‘q. Hammasidan unumli foydalanish kerak. “Bunyodkor”ga shunchaki kelib-ketmaslik kerak. Bu erda ishlash hamma uchun sharaf bo‘lishi kerak. Futbolchilarga “Bunyodkor” tushunchasini etkazishimiz lozim. Hali ularda bunday tushuncha yo‘q. Ularni tarbiyalaysiz va imkoniyat berasiz. Ertaga boshqa klub chaqirsa, yugurib ketadi. Bu erda shartnoma masalasi ham bor. Bir paytlari Andrey Shevchenkoni “Dinamo” Kievdan “Milan”ga rosa ko‘tarilgan paytda sotishgan. Vaholanki, uni yoshligada ham ko‘plab grand klublar so‘rashgan, ammo sotishmagan. Futbolchi ham klub bilan shartnomasini uzaytirib, vaqti kelganda qaergadir sotish orqali o‘zi ham jamoamga foyda keltirishim kerak, degan tushunchada bo‘lishi kerak. Undan keladigan transfer puliga klub manfaati yo‘lida ishlatamiz. Buni o‘yinchilar qalbiga singdirishimiz kerak. Vaholanki, hozir bunday narsalarni ko‘rmayapman. Oldin ham ko‘rmagandim. Yosh futbolchilar oyoqqa turib, chopqillab ketguncha...O‘yinchi doim o‘zini oyoqqa turg‘azgan joyini ham o‘ylashi kerak-da!
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar