
"Muxlislarimizni albatta g‘alabalarimiz bilan xursand qilamiz" - "Andijon"ning 8-raqam egasi jamoasining tayyorgarligi va ilk tur oldidan
Yangi mavsum startiga tobora oz fursat qolayotganini va uning starti boshlanishini sanayotgan muxlislarimiz bo‘lsa ajab emas. Superliga ishtirokchisi “Andijon” ham “Mavsum-2024” uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rib bormoqda.
“Burgutlar” Turkiyadan qaytgach, Toshkentda yig‘inini davom ettirayotganidan xabardorsiz. 25 fevral kuni esa yangi mavsum tadorigi oldidan oxirgi nazorat uchrashuvida ishtirok etdi. Samarqandning “Dinamo” jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda darvozalar daxlsiz qoldi – 0:0.
“Andijon” futbolchilari yuqori kayfiyatda mavsumga tayyorgarlikni davom ettirishmoqda. Jamoaning etakchi ijrochilaridan biri Farhod Bekmuratov esa jamoaning “Dinamo”ga qarshi o‘yini borasida o‘z fikrlarini bildirib, shunday dedi:
“Qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Bu chempionat oldidan oxirgi uchrashuvimiz edi. Ancha qiziqarli hamda xavfli hujumlarga boy o‘tdi. Ularda ham, bizda ham imkoniyatlar etarlicha bo‘ldi. Faqat gol ura olmadik, xolos. Nasib qilsa, gollarimizni chempionat o‘yinlarida uramiz va muxlislarimizni albatta g‘alabalarimiz bilan xursand qilamiz”.
Darhaqiqat, “Andijon” “Dinamo”ga qarshi bahsda ancha shiddatkor, hujumkor va qiziqarli o‘yin namoyish etdi. “Burgutlar”ning o‘yini ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirgani ham bor gap. Balki bu “Andijon”ning qishki nazorat uchrashuvlaridagi eng yaxshi o‘yinimi? Bu borada Bekmuratov quyidagicha javob qaytardi:
“Shunaqa desa ham bo‘ladi. Chunki murabbiyimiz xohlagan narsalarni ko‘rsata oldik. Faqat gol urishda ozroq oqsadik. Lekin gol urishimiz uchun etarlicha imkoniyatlar bo‘ldi”.
Ma’lumki, “Andijon” chempionatning ilk turini 3 mart kuni safarda OKMK jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Xomyakov jamoasi bor e’tiborini mazkur o‘yinga qaratgan. Bu har ikkala jamoa uchun muhim hamda o‘ta mas’uliyatli hisoblanadi. 8-raqam egasi – Farhod bo‘lajak bellashuv oldidan ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
“Ha, to‘g‘ri aytasiz, endi OKMKga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz. Raqib jamoada bir qator o‘yinchilar ketgan bo‘lsa ham o‘rnini boshqa munosib futbolchilar bilan to‘ldira olishdi. Xudo xohlasa, yaxshi o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozonamiz, degan umiddaman”, - deydi Bekmuratov.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar