
"Navbahor"ning sobiq futbolchisi Namangandan ketishining asosiy sababi, legionerga aylanishidan ko‘zlangan maqsadi va orzu haqida gapirdi
Iste’dodli hujumchi Shoxruh Mahmudxojiev klubini o‘zgartirgani haqida yaqinda saytimiz orqali xabar bergandik.
Ilgari “Paxtakor”da o‘ynagan futbolchi o‘tgan mavsumda “Navbahor” sharafini himoya qildi. Lekin chempionat yakuniga etganidan keyin futbolchi jamoasini o‘zgartirishga qaror qildi. Endi u Tojikiston chempionatida “Xo‘jand” sharafini himoya qiladi.
Ushbu jamoaning taklifiga Mahmudxojiev ijobiy javob qaytardi. “Xo‘jand” yangi mavsumga tayyorgarlik chog‘ida o‘zbek klublariga qarshi bir qator o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazyapti. “Surxon” va “Olimpik”ka qarshi uchrashuvlarda Mahmudxojiev gol urganini aytish kerak. Futbolchi Sports.uz muxbiri bilan muloqot chog‘ida Namangandan ketishining sababi va nima uchun yangi klubga o‘tgani haqida aytdi.
“O‘z tashabbusim bilan ketdim”
- “Navbahor” klubidan ketishimga eng katta sabab shuki, u erda etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmaganim bilan bog‘liq. Hozir yoshman va kuchga to‘lgan paytim. Shuning uchun o‘zimni ko‘rsatishim kerak, ishtiyoqim baland. O‘yindan-o‘yinga o‘sishim lozim. Biroq “Navbahor” jamoasida etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmaganim sababli u erdan o‘zimning tashabbusim bilan ketdim.
“Namanganlik muxlislar O‘zbekistonda birinchi raqamli”
- “Navbahor” klubiga o‘tganimdan hech qachon afsuslanmayman. Bu jamoada ajoyib damlar, yaxshi lahzalarni o‘tkazdim. Ozmi-ko‘pmi, namanganlik muxlislarning ishonchini qozonishga erishdim. Bu odamni juda xursand qiladigan jihat. Namanganlik muxlislarni meni hozirgacha yaxshi so‘zlar bilan eslashlaridan xursandman. Shuni alohida aytishni istardimki, namanganlik ishqibozlar har doim qalbimda qoladi. Ular men uchun har doim O‘zbekistonda birinchi raqamli bo‘lib qoladi. Chunki namanganliklar futbolni qattiq yaxshi ko‘rishadi.
“Xo‘jand”ning maqsadlari katta”
- “Xo‘jand”ga o‘tishimning asosiy sababi – bu jamoaning OFK Kubogida qatnashishidir. To‘g‘ridan-to‘g‘ri guruh bosqichida ishtirok etadi. Shu bois “Xo‘jand” o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan. O‘tgan yili chempionatda ikkinchi o‘rinni olgan. Bu yil chempionlik vazifasi qo‘yilgan. OFK Kubogi musobaqasida ham jiddiy maqsadi bor. Ayniqsa, yarim final va finalgacha chiqishni vazifa qilgan. Jamoa yaxshi shakllangan, sharoitlari ham yaxshi. To‘g‘ri, menda Superligadan 2-3 ta variantlar bo‘ldi. Lekin o‘zimni legioner sifatida his qilib ko‘rmoqchi bo‘ldim. Faoliyatimda yangi tramplin bo‘lishini xohladim. O‘zingiz ham bilasiz, OFK Kubogi ancha nufuzli musobaqa. “Xo‘jand” Tojikistonning vitse-chempioni. O‘ylaymanki, aniq va jiddiy maqsadi bor klubda to‘p surish ancha boshqacha bo‘ladi.
“Meni yaxshi kutib olishdi”
- Bosh murabbiyga to‘xtaladigan bo‘lsam, Rustam aka Xodjaevni tanidiyganlar bo‘lsa kerak. Futbolchilik faoliyatida Tojikiston terma jamoasida o‘ynagan. Shuningdek, Belarus va Qozog‘iston chempionatlarida ham to‘p surgan. Yaxshi futbolchi bo‘lgan va murabbiy sifatida ham o‘zini ko‘rsatyapti. Meni juda yaxshi kutib olishdi. Murabbiy o‘z vaqtida futbolchi bo‘lgani uchun ham qo‘l ostidagi futbolchilarni yaxshi tushunadi. Har doim biz bilan birga. Yaxshi sharoitlarni yaratib berish uchun o‘yinchilarni qo‘llab-quvvatlaydi.
“Niyatim O‘zbekiston terma jamoasida to‘p surish”
- “Xo‘jand” tarkibida o‘zimni ko‘rsatmoqchiman. Asosiy maqsadim O‘zbekiston terma jamoasi safida to‘p surish. Aynan bosh jamoamizdan chaqiruv olish uchun qo‘limdan kelganicha bor kuch va imkoniyatimni ko‘rsatishga harakat qilaman. Shu o‘rinda ota-onamga katta rahmat aytmoqchiman. Shu darajaga kelishimda, futbolchi bo‘lishimda hissalari ulkan. Xudo xohlasa, “Xo‘jand”dagi o‘yinlarim bilan ota-onam, yaqinlarimni xursand qilib, milliy terma jamoada to‘p surishga astoydil harakat qilaman. Bu nafaqat mening, balki ota-onamning ham orzulari.
Fikrlar