OFK endi "Millatlar ligasi" musobaqasini tashkil qiladi

  • 22 dekabr, 11:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Osiyo futbol konfederatsiyasi milliy terma jamoalar futbolini yanada rivojlantirish maqsadida “AFC Nations League” (OFK Millatlar Ligasi) musobaqasini joriy etish rejasini ma’lum qildi. Bu xususida O‘FA matbuot xizmati ma’lum qildi. 

Tecno

Yangi turnir Osiyo mamlakatlari uchun xalqaro uchrashuvlar tizimini yanada tartibli va barqaror qilishga qaratilgan.

Mazkur musobaqa FIFA kunlarida terma jamoalar uchun muntazam va mazmunli o‘yinlar tashkil etilishiga xizmat qiladi. Bu orqali raqib topishdagi qiyinchiliklar, logistika muammolari va yuqori xarajatlar sezilarli darajada kamaytirilishi ko‘zda tutilmoqda.

OFK Millatlar Ligasi jamoalar darajasiga mos raqobat muhitini yaratib, sport tamoyillariga asoslangan muvozanatni ta’minlashni maqsad qilgan. Shu bilan birga, turnir milliy terma jamoalar uchun aniq rivojlanish va bosqichma-bosqich o‘sish yo‘lini belgilab beradi.

OFK rahbariyati ushbu tashabbusni Osiyo futboli uchun muhim qadam sifatida baholab, loyiha terma jamoalar faoliyatiga barqarorlik olib kirishini ta’kidladi. Shuningdek, musobaqaga tijoriy hamkorlar va ommaviy axborot vositalari tomonidan katta qiziqish bildirilayotgani qayd etildi.

Musobaqaning formati, amalga oshirish bosqichlari va aniq muddatlari OFK qo‘mitalari muhokamalardan so‘ng rasman e’lon qilinadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!