
"Orqa chiziqda o‘ynash men uchun zerikarli" yoxud markaziy himoyadan hujumchiga aylangani ish beryapti
17-tur “Andijon” jamoasi uchun omadli bo‘ldi. Muborakda “Mash’al”ga qarshi uchrashuvda Viktor Kumikov jamoasi o‘ta muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Shunday qilib, O‘zbekiston chempionati tarixida ilk bor andijonliklar “Mash’al” maydonida uch ochkoni qo‘lga kiritdilar.
O‘yinning 31-daqiqasida Usmonali Ismonaliev belgilangan penaltini bexato bajardi. Avvaliga bosh hakam zarba berilayotgan mahalda boshqa futbolchi muddatidan avval chiziqni kesib o‘tgan deya zarbani takroran tepishni buyurdi. Ismonaliev ikkinchi marta ham penaltidan gol urgan holda “Andijon”ning g‘alabasini ta’minladi.
Eng qizig‘i shuki, ushbu o‘yinchi aslida himoyachi bo‘lsa-da, bu uchrashuv sof hujumchi sifatida to‘p surdi. Murabbiyning bunday kutilmagan qarori o‘zini oqladi. Shu tariqa, Ismonaliev mavsum davomida uchinchi golini urdi. Uchrashuvdan keyin Ismonaliev Sports.uz uchun o‘z fikrlarini bildirdi.
- “Andijon”ni Muborakdagi g‘alabasi bilan tabriklaymiz. O‘yin qahramoni sifatida uchrashuvdan qanday taassurot oldingiz?
- Bu o‘yin biz uchun juda jiddiy edi. Qanday bo‘lmasin yutishimiz shart edi. Agar bu safar ham yutqazib qo‘yadigan bo‘lsak, unda ahvolimiz yanada og‘irlashardi. Shuning evaziga barcha bor kuchini berib o‘ynadi. Xudoga shukr, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi.
- Siz markaziy himoyachisiz. Ammo “Mash’al”ga qarshi uchrashuvda markaziy hujumchi rolida o‘ynadingiz. Bu sizga noqulaylik tug‘dirmadimi?
- Oldin ham hujumda o‘ynaganman. Birinchi ligada “UzDongJu” jamoasida oldingi chiziqda to‘p surardim. Shuningdek, birgina hujumchi bo‘lib emas, yarim himoyada ham harakat qilganman. Himoyada to‘p surishni o‘tgan yili “Andijon” safida boshlagandim. Bugungi uchrashuvda murabbiyimiz mendan hujumda o‘ynay olasanmi, deb so‘raganida ha, ilgari ham hujumda to‘p surganimni aytdim. Shunga murabbiy ishonib qo‘ydi va jamoa bilan uning ishonchini oqladik, deb umid qilaman. Bundan buyon ham g‘alabalarimiz bardavom bo‘lishiga harakat qilamiz.
- O‘yindan keyin Viktor Kumikovdan sizni nima uchun himoyadan hujumga qo‘ygani haqida so‘radim. U hazilomuz tarzda bizning “maxfiy qurolimiz” deb atadi. Mavsum oxirigacha shunday holatda o‘ynay olasizmi?
- Bundan keyin ham shu ruhda davom etishga tayyormiz. Murabbiy o‘zimga ham bu gaplarni aytdi. Aslida menga himoyadana ko‘ra, yarim himoya va hujumda to‘p surish ko‘proq yoqadi. Gapning ochig‘i, himoyada o‘ynash zerikarli. O‘yiningiz birovga ham ko‘rinmaydi. Hujumda qiziqarliroq va bundan keyin ham yana gollar urishga harakat qilaman.
- “Mash’al” darvozasiga 11 metrlik jarima zarbasidan gol urdingiz. Ayting-chi, “Andijon”da shtatli penaltichi o‘zingizmisiz yoki o‘sha vaziyatda tepishni istadingizmi?
- Jamoada etakchilikni qo‘lga olishga harakat qilyapman. Navbatdagi o‘yinlarda ham penalti va yana boshqa standart vaziyatlarda ishlashga harakat qilamiz. Bundan keyingi uchrashuvlarda penalti bo‘lsa, yana tepaman. Gollarimizni ko‘paytirmasak bo‘lmaydi. Hujumchi bo‘lib o‘ynash yana nasib qilsin.
- 4-raqamingiz ham ko‘proq himoyachilarnikiga xos. Yana hujumda o‘ynasangiz raqamingizni shunga moslab o‘zgartirasizmi?
- Raqam masalasiin kelasi yili o‘ylab ko‘ramiz. Hujumchi bo‘lib qolib ketsam, o‘zimga yoqqan raqamga o‘zgartirishim mumkin.
- Superligada qolish uchun kurashayotan “Andijon” uchun bu g‘alaba ayni muddao. Ammo, baribir vaziyat jiddiy. Chunki raqiblar ham qarab turmaydi. “Andijon”ni Superligada qolishiga necha foizga ishonyapsiz?
- Bizdan harakat, Xudoyim barakasini bersin. Iloji boricha “Andijon”ni 100 foiz saqlab qolishga harakat qilamiz.
- Kumikov qaytganidan keyin qanday o‘zgarishlar kuzatilyapti? Murabbiy haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Murabbiy jamoani ruhlantiryapti. U ham g‘alabamizni juda istayapti. Biz ham uning ortidan ergashyapmiz. O‘z ishining ustasi, jamoamni qutqarib qolish uchun jiddiy ishlayapti.
- “Andijon” Namanganda va Muborakda tarixiy g‘alabalarga erishdi. Negaki, shu kungacha hali “Navbahor” va “Mash’al”ning maydonlarida yutmagandi. Qizig‘i, ikkala uchrashuvda sizning yagona golingiz uch ochkoni keltirdi...
- Bu g‘alabada birgina mening emas, jamoamning ham hissasi katta. Yutuqlarga jamoamiz bilan erishyapmiz. O‘sha uchrashuvlarda gollar urish peshonamga yozilgan ekan. Xudo xohlasa, “Andijon” bilan yana ko‘plab yutuqlarga birgalikda erishamiz. G‘alabalarda futbolchilarimizning mehnatlari katta. Yana tarixlarni birga yaratishga harakat qilamiz.
Fikrlar