
Ortga qaytma!“Barsa” jamoani sotib ketgan yulduzga eshiklarni yopdi
“Barselona” rahbariyati frantsiyalik hujumkor futbolchi Usmon Dembelening ortga qaytishiga yo‘l qo‘ymaydi.
El National nashrining ma’lum qilishicha, Dembelening ayni paytda “Pari Sen-Jermen”dagi vaziyati havas qilarli emas. Kilian Mbappe “Real”ga o‘tib ketganidan keyin Usmon jamoaning asosiy o‘yinchisiga aylanishi kuiilgan edi.
Lekin Dembele klub rahbariyati va muxlislar ishonchini oqlay olgani yo‘q. Futbolchining tartib-intizomga amal qilmagani ortidan bosh murabbiy Luis Enrike bilan ham munosabatlari ancha sovugan.
“Barselona”dagilar Usmon Dembeleni PSJga o‘tib ketganini kechira olmayapti. Xavi Ernandes bosh murabbiylik qilganida frantsiyalik futbolchi klub rahbariyatiga jamoa qolishga va’da bergan, biroq gapining ustidan chiqmadi. Parij klubi Dembeleni katta maosh bilan o‘ziga og‘dirib oldi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Dembele Kataloniyani tark etganidan afsusda va faoliyatini “Barselona”ni qabul qilib olgan Xans-Diter Flik qo‘l ostida davom ettirishni istayapti.
Manbaning ta’kidlashicha, “Barselona” uni “xoin”, deb hisoblaydi va ortga qaytishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qolaversa, Dembele o‘ynaydigan pozitsiyani Lamin Yamal va Rafinya egallab bo‘lgan.
Fikrlar