
O‘runovning o‘yinini o‘zgartirmang!
O‘zbekistonlik Oston O‘runovning “Spartak”dagi debyuti mutaxassislar tomonidan yaxshi qabul qilindi. Taniqli ekspertlar hamyurtimizning o‘yinini baholashda davom etmoqda.
“Spartak” faxriysi, tajribali futbol mutaxassisi Evgeniy Lovchev ham debyutant futbolchining o‘ziga xos jihatini ilg‘ay olganini ta’kidladi.
- O‘runov – ajoyib futbolchi. Texnikasi haqiqatan kuchli ekan. Shu bilan birga individualist. Aynan mana shu xususiyati kerak. Eng muhimi, murabbiylar “To‘pni qabul qilib oldingmi, darrov jamoadoshingga uzat!”, - deb Ostonning o‘yin uslubini o‘zgartirishga harakat qilmasligi kerak. Unga o‘zi istagancha o‘ynash imkoniyatini yaratib berish lozim. U maydonga o‘zgacha ishtiyoq bilan tushganini ko‘rdik, - dedi Evgeniy Lovchev.
Darhaqiqat, o‘yin tahlili bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar ham O‘runovning debyuti muvaffaqiyatli bo‘lganini ta’kidlamoqda. Uchrashuvda jami 25 daqiqa harakat qilgan hamyurtimiz maydonning raqib tomonida ishonchli harakat qildi, driblinglarini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va to‘p uzatishlarda biror marta xato ga yo‘l qo‘ymadi. U to‘pni o‘z jamoadoshlariga 15 marta uzatdi va ularning hammasi mo‘ljalga aniq etib bordi. Bu boshlanishiga zo‘r natija.
O‘z vaqtida “Spartak”da murabbiy lavozimida ishlagan futbol mutaxassisi Valeriy Gladilin ham ushbu jamoaning o‘yinlarini muntazam tahlil qilib boradi. Aynan mana shu mutaxassis yaqinda yangi o‘yinchilar – Aleksandr Kokorin va Oston O‘runovning “Spartak” jamoasida o‘zgarish qilishini kutayotganini aytgandi.
- “Spartak”ning o‘yinida aytarli hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan. Tarkib o‘sha, taktika o‘sha. Evrokuboklarda o‘ynash ishtiyoqi qo‘shilgan bo‘lishi mumkin. Lekin ko‘zga tashlanadigan o‘zgarish, yangilanish yo‘q. Endi yangi ijrochilar, ya’ni Oston O‘runov va Aleksandr Kokorin o‘yinga qo‘shilsa, nimalardir o‘zgarishiga umid qilsa bo‘ladi. Ular “Spartak” o‘yiniga motivatsiya va sifat olib kiradi, - degan edi Gladikin.
Uning gaplari bejiz emasligi Oston “Arsenal”ga qarshi o‘tkazilgan ilk uchrashuvida qisman isbotlay oldi. Shu o‘rinda, bosh murabbiy Domeniko Tedesko ham o‘zbek futbolchisiga o‘zining uslubida o‘ynashi kerakligini aytgani ham qo‘l keldi.
- Debyutimdan o‘zimda yaxshi taassurot qoldi. Bosh murabbiy menga o‘z o‘yinimni namoyish etishimni, to‘pni olib, raqiblarni aldab, oldinga intilishimni tayinladi, - deydi Oston O‘runovning o‘zi.
Albatta, bitta o‘yin bilan Oston O‘runovning bor iste’dodiga baho berib bo‘lmaydi. Muhimi, uning shakllanib bo‘lgan o‘z o‘yin uslubi bor. Ostonning o‘yini kreativligi bilan ajralib turishini rossiyalik mutaxassislar ham e’tirof etmoqda va murabbiylarni o‘zbek futbolchisining o‘ziga xos jozibador o‘yin uslubini saqlab qolishga chaqirmoqda.
Fikrlar