
O‘zbek futbolchisini Italiya A seriyasi va Germaniya Bundesligasi klublari payqab qolishdi yoxud "Dinamo" a’zosiga yana qanday takliflar borligini bilasizmi?
“Dinamo” klubining 21 yoshli himoyachisi Jahongir O‘rozov yana diqqat markazimizda bo‘lib turibdi. Kelajagi porloq sifatida qaralayotgan ushbu o‘yinchini yodingizda bo‘lsa, mavsum boshida samarqandliklar Turkiyaning “Eyyupspor” klubidan transferini sotib olishgan va ikki yillik shartnoma imzolashgan.
Mavsumning dastlabki qismida Jahongir Superligada 14, O‘zbekiston Kubogida 2 ta o‘yinda maydonga tushdi. Shuningdek, O‘zbekiston U23 terma jamoasi safida Qirg‘iziston U23, Frantsiya U21, Janubiy Koreya U22, Vetnam U22 va Xitoy U22 termalariga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham qatnashdi.
Jahongir O‘rozovning faoliyatida tub burilish yuzaga kelishi kutilyapti. Gap shundaki, uni o‘z safida ko‘rishni istayotgan xorij klublari borgan sari ko‘payib boryapti. Ayniqsa, ularning orasida Italiya A seriyasi va Germaniya Bundesligasi jamoalari borligi e’tiborga molik. Bundan tashqari, Osiyo klublari va Evropaning yana boshqa jamoalari ham o‘zbek futbolchisiga ko‘z tikishgan. Undagi iqtidorni xorij skautlari allaqachon payqab qolishgani sababli O‘rozovga “sovchi”lar ko‘payib boryapti. “Dinamo” himoyachisiga top 5 ligalaridan takliflar tushayotgani ko‘p narsadan dalolat. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Sports.uz jurnalisti Jahongir O‘rozovning agenti Shaxriyor Eshboev bilan bog‘landi.
“O‘rozov masalasida jiddiy muzokaralar olib borilyapti. Italiya A seriyasining 2 ta va Germaniya Bundesligasining 1 ta klubi taklif bilan chiqqan. Shu maqsadda Kuni kecha Turkiyaning Istanbul shahrida qiziqayotgan klublarning skaut va agentlar bilan ko‘rishib, gaplashdik. Ish jarayoni davom etyapti. Ushbu yozda transfer ishini nihoyasiga etkazamiz. “Dinamo”ni qoniqtiradigan transfer summasini tushirib beramiz. Aytishim mumkinki, Samarqanda klubini Kojodan keyingi transfer bo‘yicha yana bir oldinga tashlaydigan katta qadami bo‘ladi. Boshqa klublar ham “Dinamo”ga o‘xshab iqtidorli yoshlarni tarbiyalab, xorijga katta summalarga sotishi o‘zbek klublari uchun albatta oldinga tashlangan qadam hisoblanadi.
“Persepolis”niki oddiy qiziqish. Ushbu klubni o‘zidan menga uchta vakil aloqaga chiqdi. Hammasiga hali Osiyoga borish niyatimiz yo‘qligini, Abduqodir Husanov singari Evropada o‘ynab, O‘zbekiston terma jamoasining ishonchli himoyachilaridan biri bo‘lishini istaymiz. Jahongirning kelajagi bor. Yozgi transfer paytida uni narxi yana 100 mingga qimmatladi. 400 ming Evro edi, 500 ming Evroga aylandi. U yana O‘zbekiston U23 terma jamoasiga ham chaqirilgan. “Persepolis”dan tashqari Eronni boshqa bir klubi – Fulad”dan ham taklif bilan chiqishdi. Qatarning “Al-Garafa” jamoasi ham O‘rozovga qiziqyapti. Biroq u mablag‘ ishlash uchun hali beri Osiyoga borib niyati yo‘q. Maqsad Evropada to‘p surish, yanada o‘sish va aytib o‘tganimdek, milliy terma jamoamizni ishonchli himoyachilaridan biriga aylanish.
Italiya va Germaniya klublari bilan muzokaralar davom etyapti. Qaysi klub “Dinamo” xohlayotgan mablag‘ni to‘lab bersa bu o‘zbek futbolining ham yutug‘iga aylanadi.
Masalan, Avstriyadan ham aniq taklif bo‘ldi, ammo ko‘rib chiqmadik. Belgiyani bu yil elitasiga chiqqan jamoa ham ko‘z ostiga olib qo‘ygandi, biroq e’tiborimizni kuchli klublarga qaratyapmiz. Bolgariyaning “TsSKA 1948” klubi ham taklif bilan chiqdi. Rossiyani “Krasnodar” jamoasining qiziqishini ham aytishim mumkin. Ammo ular sanktsiya sababli Evropa maydonlarida ishtirok eta olmaydilar”, - deydi futbolchining agenti.
Hozircha Italiya A seriyasi va Germaniya Bundesligasining aynan qaysi klublari taklif bilan chiqishganini ochiqlamadi. Ta’kidlash kerakki, “Dinamo” tomonidan yana bir amalga oshirilgan oqilona transfer siyosati bugungi kunga kelib o‘z mevasini bera boshladi. Agar O‘rozovni xorij klubiga sotadigan bo‘lsa, yaxshigina foyda ko‘rishi muqarrar. Bunday vaziyatda voqealar rivojini kuzatish yanada qiziqarli.
Fikrlar