O‘zbekiston milliy terma jamoasi qay tarzda g‘alaba qozondi?

  • 11 iyun, 2023, 22:56
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun "CAFA Nation`s Cup" musobaqasi 1-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston - Ummon uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bellashuvda hamyurtlarimiz yirik hisobida g‘alaba qozondi.

6-daqiqada Otabek Shukurovga nisbatan qoida buzildi. Jarima maydoni chizig‘iga yaqin joydan standartni Jaloliddin Masharipov aniq amalga oshirib hisobni ochdi. Ronaldu bilan bir klubda o‘ynayotgan vakilimiz jarimadan to‘pni erlatib to‘rga kiritdi.

photo_2023-06-11_19-33-16

Ummon futbolchilari gol o‘tkazib yuborganidan so‘ng oldinga o‘tdi. Raqib vakillari chap qanotdan boshlangan hujumni markazga ko‘chirib zarba berishga urinishdi. Bu holat bir necha bor takrorlandi. Ammo himoyachilar to‘p yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lishdi.

17-daqiqada Masharipov burchakdan oshirib bergan to‘pni Umar Eshmurodov 2 metrdan darvozaga kirita olmadi.

Taym o‘rtalarida Farruh Sayfiev chap qanotdan juda chiroyli tarzda uzatmani amalga oshirdi. Jarima maydoniga otilib kirgan Masharipov to‘pni bir urinishda darvozaga joylab qo‘yib, dublni rasmiylashtirdi.

photo_2023-06-11_19-58-15

Uchrashuvning uchdan biri ortda qolganda Iskanderov sherigi Masharipovga pas berdi. Jaloliddin esa ochilib borayotgan Sayfievni to‘p bilan ta’minladi. Ammo himoyachimiz zarbasi bilan darvozabonni dog‘da qoldira olmadi.

Tanaffusdan so‘ng Ummon vakillari ustunlikka erishdi. Hamyurtlarimiz himoyalanishga majbur bo‘ldi. Bu, albatta, hisob bilan bog‘liq holat.

60-daqiqada Masharipov va Iskanderov o‘rniga Hojimat erkinov va Sardor Sobirxo‘jaev maydonga tushdi.

O‘yinning uchdan ikki qismi yakunlanganda ummonliklar darvozamiz oldidagi ilk xavfli vaziyatni sodir etishdi. O‘ng tomondan oshirilgan to‘p sal qolsa darvozamiz to‘ridan o‘rin olishi mumkin edi. Yaxshiyamki raqib hujumchisining zarbasiga aniqlik etishmadi.

Keyinchalik Hamrobekov va O‘runov o‘z o‘rnini Abbosbek Fayzullaev hamda Jasur Yaxshiboevga bo‘shatib berdi.

Dastlabki 45 daqiqalikda bo‘lganidek ikkinchi taymda ham terma jamoamiz vaqti-vaqti bilan raqibni to‘psiz harakat qilishga majbur qildi.

Bellashuv oxirlariga yaqin Sayfiev o‘rniga Abduqodir Husanov maydonga tushdi.

Ummon golga tortadigan vaziyat sodir eta olmagani uchun vakillarimiz ortiqcha qiyinchiliksiz harakat qildi.

89-daqiqada Alijonov raqibidan to‘pni olib qo‘yib jamoadoshi Erkinovga pas berdi. Hojimat jarima maydoniga kirgan Hojiakbarga to‘pni qaytardi. Himoyachimiz esa chiroyli kombinatsiyani gol bilan yakunladi. Shu tariqa vakillarimiz ilk turni yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshlab oldi.

photo_2023-06-11_18-41-23

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston U-20 termasi bilan jahon chempionatida ishtirok etgan Abbosbek Fayzullaev va Abduqodir Husanov milliy jamoada debyut qildi.

Endi hamyurtlarimiz keyingi turni 14 iyun kuni Turkmanistonga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv "Bunyodkor" stadionida bo‘lib o‘tadi.

 

Bekzod ISAEV

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!