
Prezident Shomurodov transferini tasdiqladi!
“Roma” bilan 2026 yilning 30 iyunigacha amal qiladigan shartnomaga ega bo‘lgan Eldor Shomurodov Italiyadagi to‘rtinchi jamoaga safarbar qilindi.
A Seriyaga chiqqan “Kalyari” tarkibini o‘zbek futbolchisi bilan kuchaytirmoqda. Kalyariliklar “Roma”ni ham, Shomurodovni ham bu transferga ko‘ndirdi.
Klaudio Raneri hujum chizig‘ida aynan Eldor Shomurodovni ko‘rmoqchi. Bosh murabbiy talabini bajarish uchun klub rahbariyati jami 10 million evro sarflashi kutilmoqda. Shundan bir million evro bir mavsumga mo‘ljallangan ijara puli hisoblanadi.
Agar Shomurodovning o‘yini murabbiylar shtabiga ma’qul kelsa, “Kalyari” legionerimizni 9 million evro evaziga to‘liq transfer qiladi.
Shu o‘rinda, “Kalyari” Shomurodovnin o‘zi bilan 1+3 ko‘rinishida shaxsiy shartnoma masalasini ham kelishib bo‘lgan. Dastlabki mavsumda Eldorning maoshini “Kalyari” va “Roma” bo‘lishib to‘laydigan bo‘ldi.
Ayni paytda o‘zbekistonlik hujumchi “Kalyari” uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda. Undan keyin rasmiy shartnoma imzolash marosimi, futbolchining jamoadoshlari bilan tanashuvi va Kdladio Raneri qo‘l ostida birinchi mashg‘ulot o‘tkazilishi rejalashtirgan.
Eldor Shomurodovning transferi u faoliyat yuritgan Rossiya futbolini yoritayotgan axborot manbalarini ham qiziqtirmoqda. Xususan, sport24.ru sayti jurnalisti “Kalyari” klubi prezidenti Tommazo Juliniga bog‘lanib, Eldor Shomurodov transferi haqida ma’lumot so‘radi.
- Eldor Shomurodovning “Kalyari”ga o‘tayotgani rost, - dedi Julini sport24.ru saytiga.
28 yoshli futbolchimiz uchun “Kalyari” Italiyadagi to‘rtinchi jamoa hisoblanadi. Shomurodov 2020 yilning oktyabridan beri “Jenoa”, “Roma” va “Spetsiya” kabi jamoalar uchun to‘p tepib kelayotgan edi.
Legionerimiz Italiya yuqori divizionida jami 80 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 12 ta gol va 6 ta assist rasmiylashtirib qo‘ydi.
Shuningdek, Eldor Shomurodov UEFA tomonidan o‘tkazilgan yangi musobaqa – Konferentsiyalar kubogining ilk g‘olibi hisoblanadi. 2021 yili hamyurtimiz “Roma” bilan ushbu musobaqa bosh sovrinini qo‘lga kiritgan edi.
Ta’kidlash joizki, hujumchimiz bir necha mavsumdan beri boshqa ligalardan bo‘layotgan takliflarni rad etib kelmoqda. Shomurodov uchun A Seriyada qolish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu gal ham Eldorga Gretsiyaning PAOK, Turkiyaning “Galatasaroy”, Rossiyaning “Spartak”, Ispaniyaning “Jirona” klublaridan taklif bo‘lgan edi. Biroq, hamyurtimiz A Seriyada qolishni ma’qul ko‘rdi. Italiya klublaridan “Lechche” ham Shomurodovni transfer qilmoqchi edi. Biroq, bu klub “Roma” talablarini bajara olmadi.
Bundan tashqari, Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixida eng yaxshi to‘purar nomini qo‘lga kiritgani ham tarixiy voqea hisoblanadi.
Mamlakatimiz bosh jamoasi sardori xalqaro maydonda 65 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini 37 marotaba ishg‘ol qilgan. Bu ko‘rsatkich orqali Maksim Shatskixning bir necha yil davomi etgan 34 ta goldan iborat rekordini yangilagan edi.
“Lans”ning Husanovdan umidi katta!
Fikrlar