Pro-liga klubi “Paxtakor”ni engish uchun Rossiyadan murabbiy chaqirdi
Rossiyalik mutaxassis Yuri Utkulbaev yaqin vaqt ichida Oʻzbekiston chempionati Pro-ligasi vakili “Kattaqoʻrgʻon” klubi bosh murabbiyi etib tayinlanadi.
Bu haqida Eurasia Football nashri maʼlum qildi.
Tatarstonlik mutaxassis ushbu lavozimda Yorqin Nazarovni almashtiradi.
Kadrlar boʻyicha bu qaror Oʻzbekiston kubogi guruh bosqichi doirasidagi “Paxtakor”ga qarshi kechadigan hal qiluvchi oʻyin oldidan qabul qilindi. Uchrashuv 27 may kuni Toshkentdagi “Paxtakor” markaziy stadionida boʻlib oʻtadi.
“G” guruhida ikki turdan soʻng barcha toʻrtta jamoa – “Paxtakor”, “Surxon”, “Kattaqoʻrgʻon” va “Yaypan” uch ochkodan jamgʻarган. “Kattaqoʻrgʻon”da bitta gʻalaba va bitta magʻlubiyat bor, toʻplar nisbati – 3:3.
Ilk turda jamoa “Surxon”ni 3:2 hisobida magʻlub etgan boʻlsa, keyin “Yaypan”ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Pro-ligada esa “Kattaqoʻrgʻon” turnir jadvalining yuqori qismida bormoqda. Jamoa yetti turdan soʻng 14 ochko jamgʻarган: toʻrtta gʻalaba, ikkita durang va bitta magʻlubiyat, toʻplar nisbati – 7:3. Bu chempionatdagi toʻrtinchi koʻrsatkichdir.
Yuri Utkulbaev Markaziy Osiyo futboli va ushbu mintaqaning futbol muhiti bilan yaxshi tanish. U faoliyatining katta qismini Qozonning “Rubin” klubi tizimida, markaziy osiyolik mutaxassislar – Qurbon Berdiev va Muhsin Muhammadiev davrida oʻtkazgan. Oʻsha yillari Qozon klubi va uning yoshlar tizimi orqali Markaziy Osiyodan oʻnlab futbolchilar, jumladan, oʻzbekistonlik Vagiz Galiulin, Vadim Afonin, Andrey Fyodorov va Marat Bikmaev mahorat oshirgan.
Utkulbaevning oʻzi ham ilgari Qozogʻistonda ishlagan: 2015 yilda u “Aktobe” jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan edi.