Qatardagi JChdagi qiyin guruhga tushib qolgan, Afrikaning sirli Gana terma jamoasi haqida

  • 20 noyabr, 2022, 00:59
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.

Tecno

Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir  bor eslatib o‘tib ketamiz.

Mundial startiga bir kun qoldi va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "H" guruhining ikkinchi vakili Gana terma jamoasi orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.

Jamoa haqida

Gana futbol assotsiatsiyasi. Laqabi — “qora yulduzlar”.

Tashkil topgan yil: 1957 yil (FIFAga 1958 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Otto Addo
Jamoa sardori: Andre Ayyu

Ilk rasmiy uchrashuvi: Gana – Oltin Bereg 1:0 (1950)
Eng yirik g‘alaba: Gana – Keniya 13:0 (1965)
Eng yirik mag‘lubiyat: Gana – Bolgariya 10:0 (1968)

Gana terma jamoasi ayni payt FIFA reytingida 61-o‘rinni egallab turibdi. Ularning eng yaxshi natijasi 14-pog‘onadir. “Qora yulduzlar” 2008 yilda kuchli 15 talikka kira olishni uddalagan. Gananing eng yomon ko‘rsatkichi esa 89-o‘rin hisoblanadi.

Gana terma jamoasining jahon chempionatlaridagi tarixi

Gana terma jamoasi uzoq vaqtdan beri Afrika qit’asi uchun sirli jamoa bo‘lib kelgan. Garchi ular o‘sha vaqtga qadar Afrika kubogini to‘rt marta yutgan va turnir finalida uch marta mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, birinchi marta 2006 yilda jahon chempionatiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Gana mundialdagi debyut mavsumidayoq guruhdan chiqishni uddaladi, ammo 1/8 finalda yutqazdi. Haqiqiy drama to‘rt yildan keyin sodir bo‘ldi. Chorak final bahsining ekstra taymlarning oxirida Luis Suares to‘pni qo‘li bilan qaytarib, darvozaga kirishiga to‘sqinlik qildi, lekin ganalik futbolchi belgilangan 11 metrlik jarimani aniq amalga oshira olmadi. Keyin penaltilar seriyasida esa janubiy amerikaliklar raqibini mag‘lub etdi va yana musobaqa bilan xayrlashdi. Gana 2014 yilda Germaniya, Portugaliya va AQSh joy olgan guruhdan chiqma olmagan. 2018 yilda esa ular jahon chempionatiga bormadi. Mana oradan 8 yil o‘tib, “qora yulduzlar” yana JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Gana terma jamoasi bilan guruhda yana qaysi jamoalar bor?

Gana termasi bu yil ham guruhda qolib ketish ehtimoli mavjud. Har holda mutaxassislar shunday taxmin qilmoqda. Sababi Portugaliya va Urugvay juftligidan kimnidir ortda qoldirish juda qiyin bo‘ladi. Shuningdek, Son Xin Min boshchiligidagi Janubiy Koreya ham raqiblariga ochkolarni sovg‘a qilmasa kerak.

Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li

Afrika qit’asida jahon chempionati uchun saralash 3 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda FIFA reytingida 26-o‘rindan pastda bo‘lgan (Afrika qit’asi bo‘yicha) 28 ta jamoalar qatnashadi (27 dan 54-o‘ringacha). Ushbu bosqichda muvaffaqiyatli ishtirok etgan jamoalar saralashning ikkinchi qismiga yo‘l oladi va unda 40 ta jamoa 4 tadan bo‘lib, 10 ta guruhga bo‘lingan holda JCh uchun kurashni davom ettiradi. 10 ta guruhning g‘oliblari 3-bosqichda 5 ta juftlikka bo‘linib, o‘ynashadi va g‘olib JChga yo‘l oladi.

Gana saralashning 2-bosqichidan ishtirokini boshladi. Ular bilan bir guruhdan Janubiy Afrika, Efiopiya va Zimbabve kabi terma jamoalar ham bor edi. “Qora yulduzlar” janubiy afrikaliklar bilan bir xil 13 ochkodan to‘plashdi. Biroq Ganada to‘plar farqi biroz yaxshiroq edi. Shu bois, ular mundial saralashining 3-bosqichiga yo‘llanma oldi.

3-bosqichda esa ganaliklarga yana bir kuchli jamoa, ko‘p karra JCh ishtirokchisi bo‘lgan Nigeriya raqiblik qildi. Birinchi uchrashuv 0:0, ikkinchi bahs esa 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Safarda kiritilgan to‘p evaziga Gana Qatar chiptasiga ega chiqdi.

Jamoa etakchilari

Gana terma jamoasi haqida gap ketganida, avvalo Andre va Jordan Ayyu ko‘z oldimizga keladi. Garchi bu futbolchi katta futbolda ko‘plab yutuqlarga erisha olmagan bo‘lsa-da, ko‘pchilik muxlislar uchun yaxshi tanish. Xullas, bu futbolchilar ham Qatar maydonidagi mundialda yana bir bor o‘z omadini sinab ko‘radi. Yana bir ma’lumot shuki, Andre uchun Qatar begona emas, chunik u bir necha mavsumdan beri ushbu mamlakatning “As-Sadd” klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Jordan esa hozirgi kunda “Kristal Pelas” sharafini himoya qiladi.

Shuningdek, “Atletik” etakchisi Inyaki Uilyams esdan chiqarmaslik kerak. Bilbao klubi futbolchisi ancha yillardan beri La Ligada yaxshi mavsum o‘tkazmoqda. Yana bir qiziq ma’lumot shuki, Inyakining ukasi Niko esa Ispaniya sharafini himoya qiladi. Agarda bu ikki terma jamoa pley-offda duch kelib qolishsa, biz aka-uka dueliga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Ammo buning ehtimoli juda kam.

Qolaversa, siz Muhammad Quddus nomli futbolchi haqida ham eshitgan bo‘lsangiz kerak. Joriy mavsum “Ayaks” safida ancha mazmunli o‘yin ko‘rsatayotgan vinger ham Gana sharafini himoya qilib keladi. Bu kabi nomlarni “qora yulduzlar” safida juda ko‘p uchratishimiz mumkin. Biroq barcha futbolchiga alohida to‘xtala olmaymiz.

Gana terma jamoasining JCh uchun chaqirilgan futbolchilar ro‘yxati:

Darvozabon: Abdul Manaf Nurudin (“Eypen”), Ibraxim Danlad (“Asante Kotoko”), Lourens Ati-Ziji (“Sankt-Gallen”).

Himoyachilar: Denis Odoi (“Bryugge”), Tarik Lempti (“Brayton”), Alidu Seydu (“Klermon”), Deniel Amarti (“Lester”), Jozef Aydu (“Selta”), Aleksander Jiku (“Strasbur”), Muhammad Salisu (“Sautgempton”), Baba Rahmon (“Reding”), Gideon Mensa (“Oser”).

Yarim himoyachilar: Andre Ayyu (“As-Sadd”), Tomas Parti (“Arsenal” London), Elisha Ovusu (“Gent”), Salis Abdul Samed (“Lans”), Muxammad Quddus (“Ayaks”), Daniel-Kofi Kere (“Frayburg”).

Hujumchilar: Deniel Afriye (“Xarts of Ouk”), Kamal Sova (“Bryugge”), Abdul Issaaku (“Sporting” Lissabon), Osman Bukari (“Tsrvena Zvezda”), Inyaki Uilyams (“Atletik” Bilbao), Antuan Semeno (“Bristol Siti”), Jordan Ayyu (“Kristal Pelas”), Kamaldin Sulemana (“Renn”).

JCh-2022dagi taqvimi

1-tur
24 noyabr. Portugaliya – Gana;

2-tur
28 noyabr. Janubiy Koreya – Gana;

3-tur
2 dekabr. Gana – Urugvay.

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!