
"Qizilqum" hozircha ikki nafar futbolchi bilan xayrlashdi. Qishki yig‘in Turkiya yoki BAAda o‘tkazilishi mumkin
“Qizilqum” klubi ham qishki ta’tilga chiqib ketgan. Biroq murabbiylar yangi mavsum uchun selektsiya ishlarini olib boryapti. Tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishi aniq.
Sports.uz sayti ma’lumotiga qaraganda, “Qizilqum”ni tark etayotgan futbolchilar bor. Masalan, hujumchi Vohid Shodiev jamoa bilan xayrlashgan. U yakuniga etgan chempionatda 22 ta o‘yinda 1 ta gol urdi. 34 yoshli futbolchi katta ehtimol bilan faoliyatini yakunlashi kutilmoqda.
Bundan tashqari, “Oq-tepa”dan ijaraga olingan nigeriyalik hujumchi Ibrohim Tomiva bilan tuzilgan shartnoma ham yakuniga etgan. U 17 ta bellashuvda 2 ta gol urdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bir qator yangi futbolchilar bilan hozirda muzokaralar olib borilyapti. "Qizilqum"ning yangi mavsumga tayyorgarligi 5 yoki 6 yanvardan boshlanishi mo‘ljallanmoqda. Dastlabki yig‘in Navoiyda o‘tkaziladi, so‘ng Toshkentda davom ettiriladi. Shuningdek, chempionat boshlanguniga qadar Turkiya yoki BAAda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish ham rejalashtirilyapti.
Fikrlar