"Qo‘qon-1912" bosh murabbiyi "Navbahor" matbuot kotibiga savol berdi yoxud Davron Fayziev ishtirokidagi matbuot anjumani qanday o‘tdi?
“Qo‘qon-1912” – “Navbahor” (1:1) o‘rtasidagi bahsdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Davron Fayziev matbuot anjumanida qatnashdi.
- O‘yindan oldin aytmoqchi bo‘lgan ozroq gapim bor: bugungi o‘yinga ikkala jamoaga sharoit yaratib bergani uchun “Turon” rahbariyati va ishchi-xodimlarining barchasiga rahmat aytmoqchiman. O‘yindan oldin muxlislar bizga ishonib, qo‘llab-quvvatlashdi. Ularga jamoamiz nomidan katta rahmat aytaman. Bundan keyin ham “Qo‘qon-1912”ga ishonishlarini va qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini so‘rab qolaman. Haqiqiy derbi bo‘ldi. Ikkala jamoa muxlislari zo‘r olqishlashdi. Ikkinchi derbida yana ishqibozlar g‘alaba qozondi, deb o‘ylayman. O‘yinda har ikki klubga ochko juda zarur edi. Bu – futbol. Xudoni aytgani bo‘ladi. Biz harakat qilamiz. Bugungi uchrashuv uchun yigitlarga hech qanday e’tirozim yo‘q. Oxirigacha harakat qilishdi. Faqat jarohatlar bo‘ldi, hozir futbolchilarimizning holatini aniq bilmayman, ertaga tekshiruvdan o‘tishganidan keyin bilamiz. Xoh chempionat, xoh Kubok o‘yinlari bo‘lsin, oxirigacha kurashamiz. Turnir jadvalidagi o‘rnimiz bizga mos emas, yigitlar bundan yuqorisiga loyiq. Ishlashda davom etamiz.
- Zaxiradagi futbolchilarga imkoniyat beryapsiz. Bugun asosiy tarkibda to‘p surgan Vahobovni o‘yiniga qanday munosabat bildirasiz?
- Futbolchiga baho berish muxlislarga. Biz murabbiylar shunday kasbni tanlaganmiz, qaysi o‘yinda qaysi o‘yinchiga ishonch bildirishda tanlash kerak. Ilhom Vahobovni maqtamoqchi emasman. Unda hali xato va kamchiliklar bor. Sehrgar emasman. Mashg‘ulotlarda ishlayapmiz, ishonch bildirish muhim. Mashg‘ulotlarda o‘zini ko‘rsatdimi, o‘yinga tayyor deb maydonga tushiryapman. Qolgani futbolchini o‘ziga bog‘liq. Ilhom bugungi uchrashuvda yomon harakat qilgani yo‘q. Yana ishlashda davom etsa, uni potentsiali bundan-da yuqori. Uni maqtay olmayman. Chunki bosh murabbiy hech qachon biror uchrashuvdan yoki o‘yinchidan 100 foiz qoniqdim, deb ayta olmaydi. O‘yinda durang bo‘ldi. Biz yutganimiz yoki yutqazganimiz yo‘q. Ha, muxlislarga yoqadigan shiddatli o‘yin bo‘ldi. Bosh murabbiy bo‘lib kelganimdan keyin 3 ta o‘yinda 3 ta durang o‘ynadik. Agar shu haqida mendan so‘rasangiz, uning o‘rniga 2 ta yutib, 1 ta yutqazgan ma’qul. Bu ham natija, Xudoga shukr. Hozirgi kunda turnir peshqadami “Navbahor” hisoblanadi. Tayyorgarlikka kirishganimizda bugungi o‘yindagi kamchiliklar ko‘rsatiladi va tushuntiriladi. Hamma joyda rahbarlar natija talab qiladi.
- Jamoangiz o‘yinidan va natijadan qoniqdingizmi? “Navbahor” peshqadam edi. Bir ochkoga ega bo‘ldik, deb o‘ylaysizmi?
- Bilmadimu, o‘zim uchun javob beraman. Natijadan qoniqqanim yo‘q. O‘tgan safar “Olimpik” bilan o‘yindan keyin ham aytgandim: qoniqqanim yo‘q. Chunki oxirgi pas va oxirgi yakunlovchi zarba baribir etishmayapti.
- Peshqadamdan bir ochko oldinglar...
- Peshqadam turdan-turga o‘zgarib turibdi. Bizni ham kam joyimiz yo‘q. Har bir jamoani o‘z maqsadi va yo‘nalishi bor. Sizga savol beraman, imkoniyat kimda ko‘p bo‘ldi?
- Deyarli teng kurashlar ostida o‘tdi...
- Mayli, teng kurash, tan olaman. Lekin imkoniyat kimda ko‘p bo‘ldi? Bizni darvozabon nechta seyv qildi? “Navbahor” darvozaboni nechta seyv qildi? Qolgani statistika, qog‘ozda. Natija tabloda turibdi. Bu erda ortiqcha gapni hojati yo‘q. Murabbiy sifatida natijadan qoniqmadim. Bugun g‘alaba qozonishimiz kerak edi.
- Jamshid Hasanov asosan yarim himoyada o‘ynardi, bugun o‘ng qanot himoyasida to‘p surdi...
- Jamshid Hasanov oldin ham o‘ng qanot himoyasida to‘p surgan. “Mash’al”da ham, “Qo‘qon-1912”da ham. Faqat bugun Avaz Mamatxo‘jaev biroz shamollab qolgandi. Kecha isitmasi ko‘tarilgan ekan. Uni maydonga tushirib tavakkal qilishni xohlamadim. Bu vaziyatda hech qanaqa muammo ko‘rmayapman. Biz qanotlar tezkorligi uchun Jamshidni qo‘ydik. Hech kimni yomon o‘yin o‘tkazdi deya olmayman. “Navbahor”da asosiy figura Iskanderov edi. Uni yanada ko‘proq yopa olganimizda bundan-da osonroq bo‘lishi mumkin edi, bizga. Futbolchi universal bo‘lishi kerak. Faqat ikkita joyda: darvozabon va markaziy himoyada haqiqiy egalari o‘ynaydi, ular boshqa pozitsiyada o‘ynashmaydi. Qolganlari o‘ng, chap qanotlar yoki oldinga qo‘ysa o‘sha erda ham to‘p surishga tayyor bo‘lishlari kerak.
Fikrlar