“Real”: Bu futbolchini yuz million evroga olmaymiz!
“Chelsi”ning yetakchi yarim himoyachisi Enzo Fernandez haqiqatdan ham faoliyatini “Real” klubida davom ettirishni istaydi. Uning avvalroq Madridda yashash istagi haqida aytgan so'zlari tasodifiy emas.
Agar hammasi futbolchining o‘ziga bog‘liq bo‘lganida, u allaqachon “Real”ga o‘tib ketgan bo‘lardi.
Bu haqida jurnalist Xorxe Pikon X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar qildi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yildgi jahon chempionining hozirgi paytda “Qirolik klubi”ga o‘tishi juda qiyin masala, chunki ispan grandi bu transferni ko‘rib chiqmayapti.
“Qirolik klubi” londonliklar Fernandez transferi uchun talab qilayotgan kamida 100 million evrolik summani haddan tashqari yuqori, deb hisoblamoqda. Futbolchiga yaqin manbalar uning ketishni istashini tan olishmoqda, ammo buni amalga oshirish juda qiyin ekanini tushunib turishibdi.
Joriy mavsumda argentinalik futbolchi barcha musobaqalarda 46 ta o‘yinda ishtirok etib, 12 ta gol va 6 ta golli uzatma amalga oshirgan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2032 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 90 million evroga teng.
Fikrlar