
“Real” darvozaboniga yangi ish chiqdi
Turkiyaning bugungi kundagi eng kuchli klubi “Galatasaroy” yozgi transferlar oynasi davrida “Real”ning zaxira darvozaboni Andrey Luninni o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi.
Ispaniya nashrlarining yozishicha, darvozabon ham muqim o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun jamoasini o‘zgartirishga tayyor. Lunin bu borada mashhur futbol agenti Jorje Mendesh bilan hamkorlik qiladi.
Ukrainalik golkiperning klubdan ketish bo‘yicha yakuniy qarorga kelishiga “Real” rahbariyatining asosiy darvozabon Tibo Kurtua bilan amaldagi shartnomani yana ikki yilga uzaytirish bo‘yicha harakat boshlagani sabab bo‘ldi.
Voqealarni diqqat bilan kuzatayotgan “Galatasaroy” joriy mavsumning o‘zida bir necha bor Luninga qiziqish bildirgan edi.
Ukrainalik darvozabonning “Real” bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning yarmigacha davom etishi belgilangan. Shu bois, Lunin ijara asosida bo‘lsa ham, boshqa jamoada muntazam o‘ynab turishga tayyor.
Fikrlar