«Real» Vinisius bo‘yicha qaror qabul qildi
«Real» Vinisius bilan yangi uzoq muddatli shartnoma bo‘yicha muzokara qilmoqchi, kelishuv bo‘lmasa, uni bu yozda sotishi mumkin.
Madridning «Real» jamoasi braziliyalik hujumchi Vinisius Zhunior vakillari bilan muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘tkazishga tayyorlanmoqda, deya xabar bermoqda Sky Sports nashri.
Uchrashuv shu haftada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Tomonlar futbolchining yangi, uzoq muddatli shartnomasi shartlarini muhokama qiladi. Hozirgi bitim 2027 yil yozigacha mo‘ljallangan.
«Real» bosh murabbiyi Joze Mourinyo Vinisiusni jamoada saqlab qolish tarafdori. Madrid klubi rahbariyati ham braziliyalik futbolchi bilan shartnomani uzaytirishni istamoqda. Shu bilan birga, agar kelishuvga erishilmasa, «qirollik klubi» bu yozdayoq uni sotish variantini ko‘rib chiqishga tayyor, aks holda bir yildan so‘ng futbolchini tekinga qo‘ldan boy berib qo‘yish xavfi bor.
Vinisius atrofidagi vaziyatni «Arsenal» juda diqqat bilan kuzatmoqda. Angliya amaldagi chempioni hujum chizig‘ining chap qanotini kuchaytirish maqsadida braziliyalikni olib kelish imkoniyatini o‘rganayotgani aytilmoqda. Shu bilan birga, londonliklar hozircha madrid klubiga rasmiy taklif yo‘l qilmagan.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, «Leyptsig» yarimhimoyachisi Yan Diomande «Real»ga o‘tishi ehtimoli Vinisiusning kelajagi bilan bevosita bog‘liq emas. Ispaniya grandi muzokaralar natijasidan qat’i nazar, Kot-d’Ivuar terma jamoasi o‘yinchisini o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirgan.
Vinisius transferi yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri uning moliyaviy talablar bo‘lishi mumkin. Ispaniya futboli bo‘yicha mutaxassis Terri Gibsonning ta’kidlashicha, hozirda braziliyalik soliqlardan keyin yiliga taxminan 15 million yevro maosh olmoqda. «Real» unga yiliga 20 million yevro atrofida taklif qilayotgani, futbolchining o‘zi esa 30 million yevro maosh kutayotgani aytilmoqda. Bu haftasiga 550 ming yevrodan ortiq ish haqi degani.
26 yoshli Vinisius 2018 yildan beri «Real» sharafini himoya qilib kelmoqda. O‘tgan mavsumda u madrid klubi safida 53 o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 14 ta golli pas muallifi bo‘ldi. Bundan tashqari, braziliyalik 2024 yildgi «Oltin to‘p» sovrini uchun ovoz berishda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Izohlar (0)