“Real” yangi yulduzini qo‘yib yuboradi
Madridning “Real” klubi jamoaga o‘tgan yozda olib kelingan argentinalik vinger Franko Mastantuononi doimiy o‘yin amaliyoti bilan ta’minlash maqsadida yozda ijaraga berish imkoniyatini istisno etmayapti.
Bu haqida The Touchline nashrining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar qilindi.
Manbaga ko‘ra, klubda bu usul Endrik uchun ishlab chiqilgan rivojlanish yo‘liga o‘xshash bo‘ladi, deb hisoblanmoqda. Ta’kidlanishicha, ham Mastantuono, ham klub rahbariyati ijara shartnomasiga o‘yinchini sotib olish huquqini beradigan bandni kiritmaslikka intilmoqda.
Chunki futbolchining o‘zi “Real”da muvaffaqiyat qozonishni orzu qiladi, klub esa uni uzoq muddatli asosiy loyiha sifatida ko‘radi.
Aytilishicha, vaziyat mavsumoldi tayyorgarligi va yangi murabbiy kelishiga qarab o‘zgarishi mumkin. Biroq hozirning o‘zida eng mos ijara joyini aniqlash uchun ichki muzokaralar olib borilmoqda.
Joriy mavsumda 18 yoshli futbolchi barcha musobaqalarda 24 ta o‘yinda qatnashib, 3 ta gol va 1 ta golli uzatma amalga oshirdi. Uning madridlik klub bilan shartnomasi 2031 yil 30 iyunigacha amal qiladi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, uning bozor qiymati 50 million yevroga teng.
Fikrlar