
Ronaldu buni isbotlamoqchi edi...
Italiya terma jamoasi va Turinning “Yuventus” klubi sobiq himoyachisi Jorjo Kellini portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronalduning “Keksa sinora”ga o‘tgani haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
“Ronaldu o‘ynagan jamoada sardorlik bog‘ichini taqish men uchun katta sharaf edi. Krishtianu jamoamizga juda mos tushdi. U g‘alaba qozonishga intildi va qattiq mehnat qildi. Unda "Real"dan yaxshiroq ekanligini isbotlash istagi bor edi", - dedi italiyalik mutaxassis The BSMT podkastida.
Portugaliyalik hujumchi 2018 yilda 112 million evro evaziga “Real”dan “Yuventus”ga ko‘chib o‘tgan edi. U 2021 yilgacha turinliklar safida to‘p surdi va ikki marta Italiya chempioni bo‘ldi.
39 yoshli Ronaldu 2023 yildan buyon Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. U hozircha bu jamoada 42 ta o‘yin o‘tkazib 43 ta gol urishga erishdi.
Fikrlar