
Rossiyadagi legionerimiz boshqa ligaga ketadi!
Rossiya Premer-ligasi vakili “Rubin” jamoasi a’zosi hisoblangan Umarali Rahmonaliev tez orada Ozarbayjon chempionatiga ko‘chib o‘tadi.
Nufuzli manbalardan biri – “Sport ekspress” nashrining ma’lum qilishicha, “Rubin” rahbariyati o‘zbek futbolchisini Ozarbayjonning “Sabah” jamoasiga ijaraga berishga qaror qilgan.
21 yoshli Umarali yangi jamoasida 2025 yilning oxirigacha to‘p tepishi kelishilgan.
Maydonda bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan yarim himoyachi 2022 yilning noyabridan beri Rossiya chempionatida “Rubin” sharafini himoya qilib kelmoqda.
Ta’kidlash joizki, iste’dodli futbolchimiz hali yoshligi va raqobat kuchliligi bois Rossiya Premer-ligasida etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti. Xususan, joriy mavsumda Umarali chempionatda ikki marotaba maydonga tushib, eami 78 daqiqa to‘p tepdi.
Rossiya kubogi doirasida Rashid Rahimov uni besh bor sinovdan o‘tkazdi. Legionerimiz 438 daqiqa o‘ynab, bitta assist muallifi ham bo‘ldi.
Tabiiyki, bu ko‘rsatkichlar va berilayotgan imkoniyat o‘yinchining o‘sishi uchun etarli emas. Uning tengdoshi Abbosbek Fayzullaev 2024 yil davomida Rossiya Premer-ligasida eng ko‘p – 3942 daqiqa maydonda harakat qilib, o‘ziga xos rekord o‘rnatdi.
Eslatib o‘tamiz, asli namanganlik Umarali Rahmonaliev “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. “Qardirg‘ochlar” safida O‘zbekiston Superligasida ham ishtirok etib, o‘z hisobiga sakkizta gol va bitta assist yozdirib qo‘ygan.
“Rubin”ga ko‘chib o‘tganidan beri 27 ta o‘yinda maydonga tushdi va ikkita assist qayd etdi.
Rahmonaliev O‘zbekistonning 19, 20, 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tarkib topgan terma jamoalarida o‘ynab keladi. Umarali sardorlik qilgan O‘zbekiston U-20 terma jamoasi 2023 yili Osiyo chempionatida g‘olib chiqib, Argentinadagi jahon chempionatida ishtirok etdi.
2024 yilning boshida Umarali O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bilan Qatardagi Osiyo kubogida ikkinchi o‘rinni egallab, yozda o‘zbek futboli tarixida ilk bor Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida qatnashdi.
Ozarbayjon Premer-ligasida o‘nta jamoa ishtirok etadi. Bu klublar musobaqada ishtirok etish uchun jami 263 nafar futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Shulardan 121 nafari legionerlardir. Ularning orasida eng ko‘pi – 21 nafari Braziliya vakillaridir.
Bu chempiontda bir nafar o‘zbekistonlik charm to‘p ustasi bor. Jasurbek Jaloliddinov “Sumgait” jamoasi o‘yinchisi hisoblanadi.
Ta’kidlash lozimki, “Sumgait” ham, “Sabah” ham Ozarbayjon chempionatining o‘rtamiyona jamoalari safiga kiradi.
Fikrlar