Rossiyalik 17 yoshli gigant darvozabon O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tmoqchi!
Darvozabon Timofey Tolstenev oʻzbekistonlik «Gazalkent» jamoasi safida ilk bor maydonga tushdi, deya xabar bermoqda Sports.kz nashri Eurasia Football manbasiga tayanib.
Manba maʼlumotiga koʻra, 17 yoshli rossiyalik darvozabon kelasi oy 18 yoshni qarshilaydi. Uning oilasi bir yil oldin Oʻzbekistonga koʻchib kelgan. Shu muddat ichida Tolstenev «Gazalkent» tarkibida mashgʻulotlarda qatnashib keldi va shuning ortidan klub FIFAdan futbolchini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish uchun ruxsat oldi.
Xabarda taʼkidlanishicha, klub hozirda boʻyi 197 santimetr boʻlgan yosh darvozabon uchun oʻzbek pasportini rasmiylashtirish ustida ish olib bormoqda. «Gazalkent» rahbariyati uni kelgusida Oʻzbekiston terma jamoasi uchun ehtimoliy nomzod sifatida koʻrib chiqmoqda.
Timofey Tolstenevning karerasi
Tolstenev Moskvadagi mashhur «Chertanovo» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U butun yoshlar karerasini shu akademiya tizimida oʻtkazgan.
«Chertanovo»ni tamomlaganidan soʻng, 17 yoshli posbon avval qisqa muddat FShM tarkibida toʻp surdi. Keyinchalik Moskva «Spartak» klubi tizimiga qoʻshildi, shuningdek, Kostromadagi «Spartak» yoshlar jamoasi safida ham qayd etilgan. Ushbu jamoa tarqatib yuborilganidan keyin esa futbolchi oʻz faoliyatini davom ettirish uchun Oʻzbekistonga yoʻl oldi.

Fikrlar