Samvel Babayan: "Men faqat g‘alaba haqida gapiraman"
O‘zbekiston Superligasi 7-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” – “Navbahor” (1:2) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
Samvel Vyacheslavovich odatdagidek o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Bugungi to‘qnashuv chempionatimizdagi eng qiziqarli o‘yinlandan biri bo‘ldi, deya olaman. Yigitlarga rahmat aytaman, oson kechmagan bahsda zafar quchdik. Muxlislarni ham g‘alaba bilan tabriklayman. Bunday qiyin uchrashuvlar jamoani tarbiyalaydi. Qo‘lga kiritgan uch ochkomiz bilan musobaqa peshqadamiga aylanib oldik.
- Jamoangiz 2021 yildan buyon Jizzaxda g‘alaba qozona olmayotgan edi. Bugun ham ikkinchi bo‘limda “Navbahor” futbolchilari himoyaga yotib olishdi. Bunga sabab nima? Bu sizning ko‘rsatmangiz edimi yoki shogirdlaringiz charchab qolishganmidi?
- Har bir seriyaning qachondir nihoyasi bo‘ladi. Bugun zafar quchdik va men faqat g‘alabaga oid savollarga javob beraman. Sizning savolingizni esa noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Yigitlar mehnat qilishdi, buni o‘zingiz ko‘rdingiz. Biz uchun qulay natija bo‘layotgani sababli, biz shunday uslub tanladik. Bu erda jismoniy holatning hech qanday ta’siri yo‘q. Biz bugun g‘alaba qozondik va men ham faqat g‘alaba haqida gapiraman.
- “Navbahor” jamoasi darvozasiga belgilangan penalti haqida gapirib o‘tsangiz? O‘sha vaziyatda 11 metrlik jarima zarbasini belgilashga asos bormidi?
- Penaltidan o‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubordik va ushbu gol bizga ancha qiyinchilik tug‘dirdi. Goldan keyin faqatgina natijani saqlab qolishga intildik. Hakamning qarorini o‘rganib chiqishadi, degan umiddaman. Hakamlarning qarorini muhokama qilishim noto‘g‘ri.
- O‘tkir Yusupov o‘yin so‘ngida “So‘g‘diyona” muxlislariga provokatsiya qildi. Ushbu holat haqida fikr bildirib o‘tsangiz?
- O‘tkir haqiqiy professional sportchi. Yusupov bunday ishlar qilishiga ishonmayman va o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganman. U biroz qizishib ketgan bo‘lishi mumkin. Lekin O‘tkir milliy terma jamoa darvozaboni va “So‘g‘diyona” muxlislari ham terma jamoada uni qo‘llab quvvatlashadi. Qiyin va kurashlarga boy bahs bo‘lgani uchun barcha futbolchilarda emotsiyalar kuzatildi.
- Ruslanbek Jiyanovning holati haqida ma’lumot bersangiz? Jiyanov bugun maydonga tushmadi...
- Jiyanov biroz betob bo‘lib qolgan edi. Osiyo Kubogi finalida uni majburiy tarzda zaxiraga olishdi. Mushaklari bilan biroz muammo bor edi. Shu sababli, Ruslanni bugungi uchrashuvda maydonga tushirmadim. Jiyanovni keyingi uchrashuvlarga asradik.
- Toma Tabatadzening o‘rniga yosh futbolchi Iminjonovni maydonga tashladingiz. Bunday qiyin uchrashuvlarda yosh futbolchiga imkoniyat berish qanchalik to‘g‘ri? Vaholanki, yosh futbolchining o‘yin tempiga tusha olmasligi ehtimoli yuqori edi.
- O‘zgarishni Tabatadzening o‘zi so‘radi. Iminjonov esa yosh futbolchi bo‘lishiga qaramay, sekin astalik bilan tajriba to‘plab bormoqda. Bizga ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynay oladigan futbolchi kerak edi, Iminjonovning bo‘yi ham baland va bosh bilan yaxshi o‘ynay oladigan futbolchi. U bugun yaxshi o‘ynadi deb o‘ylayman.
- Farg‘onadagi “vodiy derbisi”da durang qayd etildi va ikki jamoa ham ochko yo‘qotdi. “Navbahor”ning chempionlik uchun imkoniyatlari yanada yaxshilandi. Keyingi bahsda jamoa “Neftchi”ga qarshi maydonga tushadi. Yordamchilaringiz “Neftchi”ning bugungi uchrashuvini tomosha qilishdimi?
- Albatta yo‘q. Bugun biz o‘zimizning o‘yinimiz bilan band bo‘ldik. “Navbahor” o‘ynab turgan vaqtda boshqa jamoalarning o‘yiniga chalg‘imaymiz. “Neftchi” ham barchadek jamoa. Yangi mavsumda barcha jamoalar “Navbahor”ga qarshi alohida tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Kuchli yoki musobaqa jadvalining so‘ngi o‘rinlarida borayotgan jamoa bo‘lsa ham. Bugungi uchrashuvni tahlil qilib chiqamiz va ertadan keyin raqibni o‘rganishni boshlaymiz.



Fikrlar