Sanjar Shoahmedov: "Faoliyatimni tugatmagan edim"

  • 15.02.2026 23:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

PRO-Ligada ishtirok etishi kutilayotgan "Metallurg" o‘z tarkibiga qator tajribali futbolchilarni jalb etdi.

Shunday futbolchilardan biri o‘zbek futboli ishqibozlariga yaxshi tanish bo‘lgan Sanjar Shoahmedov hisoblanadi.

Kuni kecha yarim himoyachi bilan shartnoma imzolanganini e’lon qilgandik.

Yangi mavsumga tayyorgarlik davom etayotgan bir pallada Sanjar Shoahmedovni klub matbuot xizmati suhbatga chorladi.

- Faoliyatingizda tanaffus yuzaga keldi va mana endi siz "Metallurg"dasiz. Bunga nima sabab bo‘ldi?

- Bunday gaplarni endi sizdan eshitmoqdaman. Lekin faoliyatimni tugatmagan edim. Shunchaki, biroz dam oldim. "Metallurg"dan taklif bo‘ldi. Jamoaning rejalari, o‘z oldiga yuqori maqsad qo‘yganini bilib, jamoa safiga kelib qo‘shildim. Futbolga befarq bo‘lmagan bekobodlik muxlislar bizni qo‘llab-quvvatlashlariga ishonaman.

- O‘tgan yili "Xorazm"da bir davra o‘ynadingiz. Mana shu davr haqida nima deya olasiz?

- Xorazmga yaxshi niyatda borgandik. Imkoniyat berilgan o‘yinlarda shunqadar o‘ynadim. G‘alabalarga hissa qo‘shishga harakat qildim. Qolganiga muxlislar baho bergani to‘g‘riroq bo‘ladi.

- "Metallurg"da shakllanayotgan tarkib borasida nima deya olasiz?

- Jamoa o‘z oldiga Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni maqsad qilib qo‘ygan. Shunga mos ravishda tarkib tajribali futbolchilar atrofida qurilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, safimizda iqtidorlu yoshlar ham bor. Mashg‘ulotlarda, o‘rtoqlik uchrashuvlarida ulardan ba’zilari o‘zini ko‘rsatishga ham muvaffaq bo‘lyapti. Biz esa ularga tajribamizdan kelib chiqib, maslahatlar berishimiz, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishimiz kerak.

- Bundan bir necha yil avval "Lokomotiv" klubidagi debut mavsumingizda 12 ta gol ura olgansiz. Yangi mavsumda sizdan nechta gol kutsak bo‘ladi?

- Yodimda. Gollarimning aksariyatini Jasur Hasanov uzatmasidan urgandim. O‘shanda umumiy jamoa katta ko‘lamdagi ishni amalga oshirgan edi. Avvaldan qandaydir aniq sonni aytmaganim ma’qul. Bo‘lajak mavsumda ham "Metallurg" g‘alabalariga samarali harakatlarim bilan hissa qo‘shishga astoydil harakat qilaman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!