Sen klubdan uzoqroq yur! Direktorni haydashyapti
Angliya Premier-ligasida ishlari yurishmayotgan “Nottingem Forest” xo‘jayinlari klubi direktori Eduga klubga yaqinlashmaslikni uqtirdi.
Edu o‘tgan yozda “Nottingem Forest”ning futbol departamenti global rahbari lavozimiga tayinlangan edi. U bu vazifani qabul qilish uchun “Arsenal”ni tark etgan.
Biroq murabbiylar tez-tez almashishi va shubhali transferlar Edu bilan klub egasi Evangelos Marinakis o‘rtasidagi munosabatlarni yomonlashtirdi.
Edu klubni tark etishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar anchadan beri yuribdi. The Telegraph nashri esa amalda braziliyalik direktor uchun “O‘rmonchilar” klubidagi ishi allaqachon tugaganini tasdiqladi.
“Nottingem Forest” xo‘jayinlari Eduga klubning mashg‘ulot bazasi va stadioniga kelmaslikni so‘radi. Endi faqat Eduning ishdan bo‘shatilishi qachon rasmiy e’lon qilinishi masalasi qoldi xolos.
O‘tgan yozda klub yangi futbolchilar uchun taxminan 200 million funt sarfladi, biroq bu mavsumda jamoa faqat kutilganidek yuqori o‘rinlar uchun emas, balki Premier-ligada jon saqlab qolish uchun kurashishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Fevral o‘rtasida jamoa Vitor Pereyaga topshirilganidan keyin “Forest” Premier-liga tarixida bir mavsumda to‘rtta turli doimiy bosh murabbiyga ega bo‘lgan birinchi klubga aylandi.
Fikrlar