Sherzod Karimov: "Olimpiakos"ga ketmaganimdan afsuslanmayman

  • 30 yanvar, 2021, 22:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, Farg‘onaning “Neftchi” klubi tarkibini sezilarli darajada kuchaytirishga erishyapti. Chindan ham taklif etilayotganlarning aksariyati Superligada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan futbolchilar hisoblanadi. Ana shunday o‘yinchilardan biri Sherzod Karimov. Uning “Neftchi”da paydo bo‘lishi ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Tecno

32 yoshli yarim himoyachi aslida farg‘onalik. Ammo faoliyati davomida hali “Neftchi” uchun to‘p surish nasib qilmagandi. Nihoyat, 2021 yilga kelib, Karimov o‘zi uchun begona bo‘lmagan jamoa sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. O‘z navbatida, Sherzod Karimov sports.uz portaliga “Neftchi”ga qo‘shilishining sababini quyidagicha tushuntirdi:

- “Neftchi” jamoasi mavsumga o‘zgacha ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘ryapti. Meni bu klubga bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov taklif qildi. Yashirmayman, klubdagi o‘zgarishlar tufayli o‘zimda ham “Neftchi”da to‘p surishga qiziqish bo‘ldi. Qolaversa, o‘zim farg‘onalikman. Boya aytganimdek, bu erga Mo‘minjonov sababli keldim. Endi esa, Farg‘ona futboliga yordam beradigan payt keldi, deb o‘ylayman.

karimov3

Hozirdanoq “Neftchi” pro-ligada asosiy favorit sifatida tilga olinmoqda va Superligaga chiqish uchun bosh da’vogar qilib ko‘rsatilmoqda. To‘g‘ri, hali mavsum boshlanmagan, oldindan nima bo‘lishini aytib bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, “Neftchi” futbolchilarida ishonch katta. Buni Sherzod Karimovning bildirgan fikrlari orqali ham bilib olish mumkin.

- Biz Farg‘ona futbolini tiklash uchun jiddiy harakat qilyapmiz. Ayniqsa, “Neftchi” klubining oldingi mavqeini tiklashimiz lozim. Jamoamizni Superligaga qaytarishimiz juda muhim. Bu maqsadimizni amalga oshirishga ishonchimiz katta. Bir so‘z bilan aytganda, “Neftchi”ni Superligaga olib chiqamiz, deb ayta olaman. Shuning uchun ham bu erga kelganman, - deydi Karimov.

Sherzodning faoliyatida “Paxtakor” katta o‘rin tutadi. Qariyb 9 yil davomida u ushbu jamoa sharafini himoya qilib kelgan. U erda  bir qator sovrinlarni yutdi. Turli yoshdagi terma jamoalar safida xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. O‘z vaqtida, uni legioner sifatida xorijda to‘p surishining ehtimoli ham yuqori edi.  

karimov_1- Ha, to‘g‘ri menga xorijdan takliflar bo‘lgan. Aniqrog‘i, Gretsiyaning “Olimpiakos” klubidan. Lekin o‘sha paytda “Olimpiakos” bilan “Paxtakor” kelisha olmagan. Shu sababli, “Paxtakor”da qolganman. Lekin shuni ham aytib o‘tishim kerak, Evropaga ketmasdan “Paxtakor”da qolganimdan hech qachon afsuslanmayman. Nega deganda, “Paxtakor” – bu mening uyim, - deya munosabat bildirdi futbolchi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!