
Sneyder yakun yasadi. U uchun alamli bo‘lgan mavsumni yodga olamiz
Ueslini Iolanta ilhomlantirar edi.
Sneyder 2008 yil Avstriya va Shveytsariyada o‘tgan Evroda qoyilmaqom o‘yin ko‘rsatdi. Gollandiyaliklar Italiya terma jamoasini "oyoq osti" qilib yubordilar – 3:0. Sneyder Buffonni dog‘da qoldirdi. Ikkinchi turda esa u Gregori Kupe qo‘riqlayotgan darvozaning to‘sini ostiga to‘pni shunday aylantirib yo‘lladiki, barcha Devid Bekxemning golini yodga oldi. O‘sha bahsda frantsuzlarning darvozasi jami to‘rt marta "ishg‘ol" etildi.
Gollandiya guruh bosqichini maksimal natija bilan yakunlab, turnir favoritiga aylandi, muxlislar esa Ispaniya bilan o‘tadigan o‘yinni orziqib kutishni boshladi. Sneyder haqiqiy lider edi va chempionatning eng yaxshi futbolchisi sovrini uchun qadamma-qadam yuqorilab borar edi.
Ammo Gollandiya chorak finaldayoq sindi. Siz bu qanday ro‘y berganini aniq eslaysiz. Omadsiz "uchar gollandlarni" tarkibida Andrey Arshavin va Roman Pavlyuchenkolari bor Rossiya tor-mor etdi.
Shu holatdan so‘ng, Ueslining hayoti salbiy tomonga keskin tarzda o‘zgara boshladi – biroq buning sababchisi uning o‘zi edi. Sneyder tushunarsiz hayot kechirardi: "Men deyarli har doim bazmlarda vaqtni o‘tkazar edim. Agar uyda ko‘p o‘ylashingiz kerak bo‘lgan narsalar bilan yolg‘iz qolsangiz, bundan qochib ketgingiz keladi. Men bazmlarga qochardim. Keyin esa hayotimda muhabbat paydo bo‘ldi va meni qutqardi."
Teleboshlovchi Iolanta van Kasbergen bilan sevgi qissasi 2008 yilda boshlandi. Avvaliga uni yashirishga urinishdi, biroq eplay olishmadi. Uning rafiqasi baridan xabar topdi, hamda undan o‘ch oldi. U bolasini olib ketdi va matbuotga bir dunyo intervyular berdi, hamda mahalliy tok-shoulardan birida video namoyish qildi.
40 daqiqa davomida Uesli bo‘xtonlarga qolib ketdi, ertasiga esa mamlakatning deyarli barcha ayollari undan nafratlanishni boshladi. Natijada u 6 million evro to‘lab, qo‘lida "parchalangan asablari" va Madriddagi "singan" karerasi qoldi. Ko‘p asabiylashgani uchun "Real" da 2008/09 mavsumini qo‘ldan boy berdi, kam o‘ynadi va atigi ikkita gol urdi, xolos.
2009 yilning may oyida "Real"ga prezidentlik saylovida Florentino Peres g‘olib bo‘ldi va afsungarlarcha Madrid uchun haqiqiy yulduzlarni sotib oldi (Kaka va Ronaldu). Rahbariyat Sneyderga u jamoa uchun ortiq kerak emasligini tushuntirdi. Lekin Uesli ularning fikri xato ekanligini isbotlashga harakat qildi, biroq uning qo‘lidan kelmadi. Avgust oyining yakunida "Real" uni "Inter"ga 15 million evro evaziga qo‘yib yuborishga rozi bo‘ldi. Shundagina Sneyder uning uchun boshqa yo‘l yo‘qligini anglab etdi: "Men bilan bo‘lib o‘tgan ishning o‘zi g‘alati. Ular menga nisbatan yomon muomala qilishdi, ammo rostini aytsam, bu haqida gapirishni istamayman. Men ketayotganimdan qayg‘udaman, biroq bu mening qo‘limda emas. Lekin nima bo‘lganda ham men katta klub tomon yo‘l oldim va barchani lol qoldirishga harakat qilaman."
U uddaladi.
Futbolchi uchun 2009/10 yilgi mavsum ajoyib o‘tdi. "Inter" yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lgan barchani "yo‘q qildi", Sneyder esa Mourino bilan yaxshi chiqishib ketdi, ammo bu eng muhimi emas edi.
Uning Kasbergen bilan sevgi qissasi to‘fon tezligida rivojlanib bordi. Sneyder Gollandiya ekranlarining eng ko‘zga yaqin go‘zaliga oshiq bo‘lgan edi (u ko‘plab mashhur seriallar orqali tanilgan). Munosabatlarining keyingi bosqichi esa din bo‘ldi. Iolanta Sneyderni cherkovga olib bora oldi.
"Iolanta, mendan farqli o‘laroq, katolik edi va men ham buni qabul qilishni istadim. Meni cho‘qintirishdi va cherkovga jalb qilishdi. Men doim Xudoga ishonardim, endi esa haqiqiy katolikman. Bu ajoyib, din menga yangi hayot baxsh etdi," - dedi Sneyder.
U e’tiqodi bilan mashhur bo‘lgan Xaver Zanetti bilan birga cherkovga bora boshladi. Zanetti Uesliga tushuntirishga harakat qilar edi: "Xudo menga hammasini berdi. Men barchasiga Unga ishonganim va uning aytganlariga bo‘ysunganim uchun erishdim. Sen ham barchasiga erisha olasan – muhimi ishonch."
2009 yilning 29 avgustida "Inter" "Milan"ni yanchib tashladi (4:0), Sneyder esa ilk bor maydonga tushib, "tarixiy bombardimonda" ishtirok etdi.
"Neradzurri" o‘sha davrda hech narsadan qo‘rqmas kosmik jamoani yiqqan edi. Vieyra xali Manchesterga o‘tishga ulgurmagan, Stankovich o‘ng qanotda, Diego Milito esa gol urish imkon yo‘q holatlarda ham gol ura olardi. Chap qanotda Zanetti hukmronligi ostida bo‘lsa, Kambyasso butun markazni yo‘q qila olardi.
Mourino bu jamoaga Sneyderni mohirona joylashtirgach, shundan so‘ng raqiblarda umuman imkoniyat qolmadi. Rostini aytganda, 2009 yilning kuzida ularning bundan xabari yo‘q edi.
A seriyaning 7-turida uzoq masofadan chiroyli gol urdi va "Udineze" taslim etildi. Odatda jimjitlik hukm suradigan "Juzeppe Meatstsa" jumbushga keldi, Joze Mourino bu impulsni qo‘llab quvvatladi.
Keyingi sakkiz o‘yinda "Inter" etti marta g‘alaba qozongan bo‘lsa, bitta durang natija qayd etdi. Sneyder ijod qilardi, jamoa esa navbatdagi chempionlikka yo‘l olgan edi.
EChL guruh bosqichi qur’asi kuchli raqiblarni ro‘baro qildi. Ahvol mushkul edi, ilk g‘alaba esa 4-turda Ukrainaning "Dinamo" jamoasiga qarshi bahsda qo‘lga kiritildi. Sneyder oxirgi daqiqalarda mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantira oldi (86-daqiqada golli pas, 89-daqiqada esa gol) va aynan shu o‘yindagi ochkolar jamoaga guruhdan chiqishga yordam bera oldi ("Neradzurri" "Rubin"ni uch ochkoga ortda qoldirdi).
2010 yilning 16 mart kuni u van Kasbergenga samolyotda turmush qurish taklifini berdi. Ular Chempionlar ligasining "Chelsi"ga qarshi pley-off uchrashuviga uchib ketishayotgandi. Butun jamoa qarsaklar bilan ularni olqishladi, Iolanta esa rozilik berdi. Bir necha soatdan so‘ng u Eto’Oga ajoyib pas oshirdi, Eto’O gol urdi, "Inter" keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Chorak finalda TsSKAga qarshi har ikki uchrashuvda Sneyder gol urishga erishdi, "Inter" 2:0 hisobi bilan yarim final yo‘llanmasini naqd qilib qo‘ydi. 2010 yil 20 aprelda u "Juzeppe Meatstsa"da "kontsert uyushtirdi". Gvardiolaning "Barsa"si raqibni yanchib tashlash uchun Milanga kelgandi. Biroq Uesli o‘z hisobiga gol va golli pas yozdirib qo‘ydi. "Inter" o‘z uyida 3-1 hisobida zafar quchdi.
Javob o‘yinida italyanlar bor kuchlarini sarflab, kerakli natijaga erishishdi va "Santyago Bernabeu" qabul qiladigan finalga chiqishdi. Uesli ettinchi osmonda edi: “Men Madridning "Real"ini tark etarkanman, keyingi mavsumni EChL finalida yakunlayman deb o‘ylagan edim. Biroq "Inter" – ajoyib jamoa va bunday jamoaning a’zosi bo‘lish maroqlidir. Men Madridga qaytganimdan va bir yil davomida ko‘rmagan insonlarimni ko‘rganimdan mamnunman”, - deya intervyu berdi Sneyder.
"Bavariya" bilan bo‘lib o‘tadigan final oldidan ular Robben bilan quchoqlashishdi (Peres Robbenni ham 2009 yilda sotib yuborgandi). 35 daqiqa o‘tgach Sneyder Militoni to‘p bilan ta’minladi va hisob ochildi. Ikkinchi bo‘limda Diego keyingi golni urdi. O‘yin yakunlangach, u yana bir bor Balotelli va Mourino bilan quchoqlashgach, o‘z his-hayajonlarini yashira olmadi: “Biz buyuk mavsumga nuqta qo‘ydik, uchta turnirda g‘olib bo‘la oldik. Bundan yaxshi nima bo‘lishi mumkin? Bu erga ilk marotaba kelganimda bunday zafarlar haqida o‘ylamagan edim. Ammo birga o‘ynay boshlagach, men shuni tushundim – biz ajoyib jamoamiz. Men o‘shanda "Real"ni tark etganimdan baxtiyorman”.
Natijada "Inter" A seriya, Italiya kubogi va Chempionlar ligasida g‘alaba qozondi. Sneyder esa nominantlar ichida Xavi va Inesta bo‘lishiga qaramay, EChLning eng yaxshi yarim himoyachisiga aylandi.
Yozda Sneyder terma jamoa bilan JARga yo‘l oldi. Har bir o‘yin oldidan ular Iolanta bilan qo‘ng‘iroqlashar, Xudodan omad so‘rardi.
Gollandiya zo‘rg‘a o‘yin boshladi. Qiyinchilik bilan Kamerun, Yaponiya va Daniyani mag‘lubiyatga uchratdi, ammo Uesli maydonda afsungarday edi. U raqib jarima maydonida o‘z sheriklari ulgurmay qolgan paytda ham barchasini o‘z zimmasiga olardi.
Yaponlarga qarshi uchrashuvda u tepgan to‘p qandaydir holat oqibatida darvozabonning qo‘lqoplarini bir zarba bilan yorib o‘tdi va Sneyder o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida qayd qilindi. Taqdirlashga bo‘ynida xoch bilan chiqdi va shunday dedi: "Men buni Iolanta sovg‘a qilgandan buyon echmayman. Bu mening tumorim."
1/8 finalda gollandlar slovaklarga qarshi maydonga tushishdi. Hamma bu omadli o‘yin ekanligiga ishondi, biroq Sneyder hal qiluvchi golni 84-daqiqadagina urdi, chorak finalda esa Braziliya kutib turar edi. "Pentakampionlar" Chilini "g‘ajib tashlashdi" va barcha bukmeykerlarning favoritiga aylanishdi.
O‘yin shiddat bilan boshlandi. Robino ikkita gol urdi, faqat bittasini hisobga olishdi (braziliyaliklar ustozi Dunga hakamni o‘ldirib qo‘yishiga sal qoldi), "alvon ranglilar" esa nima bo‘layotganini tushunmas edi. Sneyderga Melo xalaqit qilar, uning sheriklari esa unga yordam bera olishmasdi. Uesli ilk bor chiday olmadi: "Birinchi bo‘lim qiyin bo‘ldi, biroq o‘zimizni qo‘lga oldik. Bosh murabbiyimiz ikki axmoq Maradona va Dungaga o‘xshamagan van Marveyk ekanligidan mamnunman."
U kiyim almashtirish xonasiga kirganda, yigitlar boshlarini egib o‘tirishar va bir og‘iz so‘z ham aytishmasdi. Faqatgina van der Vart o‘ziga o‘zi nimalarnidir shivirlardi. Sneyder boshladi: "O‘zimizni ko‘rsatish uchun yana 45 daqiqa vaqtimiz bor. Buni amalga oshirmasak sharmanda bo‘lamiz. Biz chiqishimiz va ikkita gol urishimiz lozim. Biz barchasini uddalaymiz!"
Ikkinchi bo‘lim gollandlar umuman boshqa holatda chiqishdi, Uesli esa ikki gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Gollandlar yo‘lida davom etishdi, Sneyder esa Dunga va Maradonani erga urmaganligini aytdi, ammo ishontira olmadi: "Men intervyuda shunchaki murabbiylar orasidagi farqni bildirdim xolos. Biz barchamiz har xilmiz. Men so‘zlarni noto‘g‘ri qo‘llaganimdan afsusdaman."
Urugvay bilan o‘yin yanada murakkab edi. U jamoada "aqldan ozdiragan" Forlan bor edi. U chempionatni o‘zining sehrli zarbalari bilan "yondirar", o‘yindan-o‘yinga yaxshiroq o‘ynar edi. Diego gol urdi, ammo uning goli bahsdagi ikkinchi gol edi, hisobni Bronkxorts ochishga ulgurdi.
Oskar Tabares o‘z shogirdalariga Sneyderning yo‘lini to‘sishni buyurdi, Urugvay yarim himoyasi bu buyruqni bajara oldi, ammo janubiy amerikaliklarni Robbenning goli taslim etdi.
Finalda gollandlar juda ko‘p imkoniyatlarni ko‘kka sovurishdi, Inesta esa Ispaniyani Jahon chempioniga aylantirdi. "Sehrgar" Sneyder esa JARdan kumush va eng yaxshi bombardirlardan biri bo‘lib uyga qaytdi (Myuller, Vilya va Forlan ham xuddi shunchadan gol urishgandi).
Qoyilmaqom mavsum ishonib bo‘lmas voqea bilan yakun topdi: Sneyder "Oltin to‘p"ga da’vogarlar uchtaligiga ham kirmadi.
Uesli g‘amgin izoh bildirdi: "Messi, Xavi va Inestani tabriklayman. Hamma mendan bu holatga izoh kutyapti, biroq men hech narsa deya olmayman."
Platini ham xayratda edi: “Sneyder atiga bitta golni deb hattoki uchlikka kira olmadi. Aynan Inesta Jahon chempionati finalida urgan golni deb. Biroq, «Inter»ning mashhur yulduzi ushbu ro‘yxatga kirmaganligi adolatdan emas”.
O‘sha vaqtdan boshlab Sneyder adolatga ishonmay qo‘ydi, uch yil o‘tgach Turkiyaga o‘tib ketish haqidagi qarori bilan barchani lol qoldirdi. Keyin esa Qatar chempionatida hammani "qirib" tashladi. U katta pul ishlardi, ammo ko‘zida hamon mahzunlik qolardi. O‘tgan kuzda Sneyder oxirgi marta to‘q sariq futbolkani egniga kiydi.
Va nihoyat, 2018 yilgi "Oltin to‘p" sovrini na Messi, na Ronalduga nasib qildi.
Manba: Sports.ru
Sandra Alisson tarjimasi
Fikrlar