
SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (1-son)
Futbol ishqibozlari orziqib kutgan jahon chempionati boshlandi. SPORTS.uz sayti ushbu mundial kundaligini taqdim etib boradi.
Dastlabki o‘yinda Osiyoning amaldagi chempioni Qatar Ekvadordan engildi. Angliya esa qit’amizning yana bir jamoasi Eronni 6:2 hisobida tor-mor etdi. Manesiz Senegal oxirgi daqiqalarda mag‘lubiyatga uchradi. Garet Beyl jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi va chempionatdagi ilk durang qayd etildi.
Quyida mana shu o‘yinlar haqida fikr yuritamiz.
Qatar - Ekvador o‘yini haqida
20 noyabr kuni Qatarda 4 yillikning eng nufusli musobaqasi boshlandi. Dunyoning 32 davlatidan terma jamoalar 8 guruhga bo‘lingan holda sekin-asta kurashlarga kirishmoqda.-
E’tiborlisi, JCh-2022 ochilish marosimida qatarlik qori G‘anim Mufah Qur’oni Karim oyatlaridan tilovat qildi.
Ochilish marosimi yakunlangach, Qatar - Ekvador uchrashuvi boshlanishidan avval «Al-Bayt» stadionida JCh bosh sovrinining maketi namoyish etildi. Bu an’ana barcha arenalardagi ilk o‘yinlarda yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu tariqa, JCh-2022 rasman start oldi.
Birinchi bellashuvda Ekvador mezbonlar darvozasiga javobsiz 2 ta gol urdi. «Fenerbahche» hujumchisi Enner Valensiyaning dubli Lotin Amerikasi vakillariga g‘alaba keltirdi.
JCh-2022ning ilk golini Ekvador sardori Enner Valensiya mezbonlar darvozasiga penaltidan kiritdi. Mundiallar tarixida ilk bor turnirning 1-goli penaltidan urildi.
Hujumchi golgacha ham darvozani ishg‘ol etgandi. Biroq VAR orqali gol inobatga olinmay, o‘sha vaziyat ofsayd deb topildi.
Qiziq jihati, Qatar birinchi bo‘limda Ekvador darvozasiga aniq zarba bera olmadi. Osiyoning amaldagi chempioni hech narsa qila olmadi.
Shu tariqa, chempionatlarning 92 yillik tarixida ilk bor mezbon jamoa ochilish o‘yinida yutqazdi.
Angliya - Eron o‘yini haqida
1-turdan o‘rin olgan Angliya - Eron bahsida inglizlar yirik 6:2 hisobida g‘alaba qozondi.
"Uch sherlar" tarkibida Saka dubl muallifiga aylandi. Shuningdek, Bellingem, Sterling, Reshford bittadan gol urdi. Forslar tarkibida Mehdi Taremi dublga erishdi. O‘yinda to‘xtalishlar ko‘p bo‘lgani uchun uchrashuv 114 daqiqa davom etdi.
Sautgeyt shogirdlari "B" guruhida yaqqol peshqadamga aylanib oldi. Saka va Taremi ham Valensiya kabi ikkitadan gol urib, to‘purarlar bahsida etakchilik qilmoqda.
E’tiborli tomoni, Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Jud Bellingem Eron bilan o‘yinda jamoasining birinchi golini kiritdi. U jahon chempionatida gol urgan Maykl Ouendan keyin eng yosh futbolchiga aylandi.
19 yoshli iqtidor sohibi terma safida 18-o‘yinini o‘tkazdi. Bugungi gol esa Jud uchun dastlabkisi edi.
Bellingem 19 yosh 145 kunligida Angliya bilan mundialda gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Faqat Maykl Ouen undan yoshroq paytida shunday natija qayd etgan. Ouen o‘shanda 18 yoshu 190 kunlik bo‘lgan.
"Manchester Yunayted" hujumchisi Markus Reshford o‘yinning 70-daqiqasida Saka o‘rniga maydonga tushdi va 49 soniya ichida gol urdi. Bu jahon chempionatlari tarixidagi eng tezkor uchinchi ko‘rsatkich. Tarixdagi eng tezkor gol esa turkiyalik hujumchi Hoqon Shukurga tegishli. U 2002 yilgi jahon chempionatida 3-o‘rin uchun baxsda o‘yinning 11-sekundida Janubiy Koreya darvozasiga gol urgan.
Bungacha "uch sherlar" 6 o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgandi. Bu vaqt oralig‘ida inglizlar 3 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etgan.
Garet Sautgeyt shogirdlari so‘nggi bor 29 mart kuni o‘rtoqlik uchrashuvida Kot'd-Ivuar ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Rasmiy bahslarda esa oxirgi marta 2021 yilning 16 noyabrida San-Marino 10:0 hisobida taslim etilgan.
Senegal - Niderlandiya o‘yini haqida
Bugun Qatar yashil maydonlarida o‘tayotgan mundial 1-turidan o‘rin olgan bahslar davom ettirildi. Ulardan birida Senegal nominal mezbon sifatida Niderlandiya bilan kuch sinashdi. Ushbu bellashuvda evropaliklar 2:0 hisobida zafar quchdi.
Ahamiyatlisi, niderlandiyaliklar ilk bo‘limda raqib darvozasi tomon birorta aniq zarba yo‘llay olmadi. Senegal esa bu vaqtda bitta aniq zarba berishga muvaffaq bo‘lgandi.
To‘qnashuvdagi dastlabki gol 84-daqiqada Kodi Gakpo tomonidan kiritildi. Frenki de Yong tomonidan uzatilgan to‘pni u boshi bilan darvozaga to‘g‘rilab yubordi. Shuningdek, 90+9-daqiqada Klassen o‘z nomini tabloga yozdirib, o‘yinga mantiqiy nuqtani qo‘ydi.
Bu Lui Van Gal shogirdlarining mag‘lubiyatsiz davom etib kelayotgan 16-uchrashuvi bo‘ldi. Oxirgi marta "lolalar yurti" vakillari 2021 yil 27 iyun kuni Chexiya tomonidan mag‘lub etilgandi.
Qizig‘i, Afrikaning amaldagi chempionlari 2018 yilgi Jahon chempionatida 74, 78 va 86-daqiqalarda o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqandi. Bu safar ham terma 84 va 99-daqiqalarda gol o‘tkazib yubordi.
Shu tariqa, "uchar gollandlar" guruh bosqichida ochkolari sonini 3 taga etkazib oldi. "Teranga sherlari" esa dastlabki turda alamli mag‘lubiyatga uchradi.
AQSh - Uels o‘yini haqida
AQSh - Uels bahsida 1:1 hisobidagi durang qayd etildi. Dastlab, 36-daqiqada Timoti Vea Pulishichning uzatmasidan so‘ng bellashuvda hisobni ochdi. 82-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Garet Beyl penaltidan gol urib, bellashuvda muvozanatni tikladi. Shu tariqa, jamoalar ilk turda 1 ochkodan bo‘lishib oladigan bo‘ldi. Ushbu bahs Qatar-2022dagi ilk durang bo‘ldi.
Garet Beyl Uels termasining 1958 yildan buyon jahon chempionatidagi birinchi golini urdi. Uning goli Uels terma jamoasining 64 yil ichidagi birinchi goli sifatida tarixga kirdi. Bugungi kunga qadar oxirgi gol muallifi 1958 yilgi jahon chempionatida Vengriya darvozasiga to‘p kiritgan Terri Meduin edi.
Fikrlar