
SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (13-son)
Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.
Niderlandiya AQShga imkoniyat qoldirmadi. E’tiborli jihati shundaki, Kodi Gakponing bir o‘zi turnirda AQSh termasi bilan teng gol urishga erishdi.
Argentina Avstraliyani mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi. Messi jahon chempionatlarida ilk bor pley-offda gol urdi.
Niderlandiya - AQSh 3:1
Nimchorak finalning ilk o‘yinida Niderlandiya va AQSh terma jamoalari keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega chiqish uchun o‘zaro kurash olib bordi. Ushbu to‘qnashuvda "ko‘hna qit’a" vakillari 3:1 hisobida zafar quchdi.
Depay 10-daqiqada jamoadoshining ajoyib uzatmasini golga aylantirdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqaning dastlabkisida esa Blind hisobdagi farqni yana bittaga oshirdi. U yana o‘sha Dyumfris uzatgan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Taym shu hisobda yakuniga etdi.
Ikkinchi bo‘limda, aniqrog‘i, 76-daqiqada Rayt tovoni bilan super golga mualliflik qildi. Uning zarbasi niderlandiyaliklar posbonining ustidan oshib, darvoza to‘riga borib tushdi. Ammo "lolalar yurti" vakillari bu goldan o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. 81-daqiqada o‘z nomiga 2 assist yozdirib qo‘ygan Dyumfris bu safar o‘zi qulay nuqtaga chiqib bordi va gol urdi - 3:1. Ushbu gol bahsga yakuniy nuqtani qo‘ydi.
Lui van Galdan faqatgina Luis Felipe Skolari jahon chempionatidagi mag‘lubiyatsiz seriya bobida yaxshiroq natija qayd etgan. Keyingi uchrashuvda ham Niderlandiya mag‘lubiyatga uchramasa, van Gal bu borada Skolariga etib oladi.
Depay terma jamoa safida o‘zining 43-golini kiritdi. Bu orqali u Niderlandiya tarixidagi eng yaxshi 2-to‘purarga aylandi. 1-pog‘onadan 50 to‘p kiritgan Robin van Persi o‘rin egallagan.
Pulishich ushbu jahon chempionatidagi AQShning barcha urilgan 3 golida ishtirok etdi. U joriy musobaqada 1 bor darvozani ishg‘ol etib, 2 samarali uzatma muallifiga aylangan.
Kodi Gakponing bir o‘zi turnirda AQSh termasi bilan teng gol urishga erishgan.
Dyumfris mazkur mundialda 3 golda ishtirok etgan (1 gol, 2 assist) ilk futbolchi bo‘ldi. Amerikaliklar pley-off bosqichiga chiqqan eng yosh terma jamoa bo‘ldi.
Argentina - Avstraliya 2:1
Nimchorak finaldan o‘rin olgan Argentina - Avstraliya bahsi anchagina qiziqarli kechdi. Unda Janubiy amerikaliklar 2:1 hisobida raqibdan ustun keldi.
35-daqiqada Lionel Messi gol urib, hisobni ochdi. Golgacha bo‘lgan daqiqalarga qadar argentinaliklar biror marta ham aniq zarba yo‘llay olmagandi. Biroq Leo katta sanaga chiqdi. Standartdan to‘pni o‘yinga kiritdi. Himoyachilar qaytargan to‘pni sheriklari yana Messiga uzatdi. U esa jarima maydoni ichidan chap oyog‘ida erlatib zarba yo‘lladi. Darvozabon ojiz qoldi.
57-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Xulian Alvares darvozabonning xatosidan so‘ng hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi.
Yo‘qotadigan hech narsasi qolmagan avstraliyaliklar hujumga e’tibor qaratishdi. 77-daqiqada Gudvin jarima maydoni tashqarisidan zarba berdi. To‘p yo‘l-yo‘lakay Entsoga tekkan holda, Emiliano Martines darvozasidan joy oldi. Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmay qoldi. Shu tariqa, Argentina chorak final yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Lionel Messi ushbu bellashuvda bir marta darvozani ishg‘ol qildi. Shunday qilib, Leo jahon chempionatlari pley-offidagi ilk golini urdi. 35 yoshli hujumchi ushbu mundialdagi uchinchi golini urdi va Avstraliyaga qarshi o‘yinning eng yaxshi futbolchisi, deya e’tirof etildi.
Shuningdek, Messi Avstraliyaga qarshi bahsda yuqori sermahsullik namoyish etdi. U vaziyatlar yaratish (67) hamda raqibning ochiq zonasida xavfli hujumlar hosil qilish borasida (48) afsonaviy Maradonaga etib oldi. Shuningdek, Leo raqib jarima maydoni ichida to‘pga eng ko‘p teginish bo‘yicha ham Diegoning natijasini takrorladi (103). Qo‘shimchasiga u dribling ishlatish borasida (194) hamyurtidan o‘zib ketdi (188).
Argentinaga qarshi o‘yinning so‘nggi soniyasida qulay vaziyatdan foydalana olmagan futbolchi tarixga kirdi. 72-daqiqada Metyu Lekki o‘rniga Garang Kuol maydonga tushdi. Shu tariqa, Garang jahon chempionatlari pley-off bosqichida maydonga tushgan Peledan keyingi eng yosh futbolchiga aylandi. U 18 yoshu 79 kunligida bu natijaga erishdi. Pele 1958 yil 17 yoshu 249 kunligida pley-offda o‘ynagan.
Endi Argentina 9 dekabr kuni chorak finalda Niderlandiya bilan bahs olib boradi.
Fikrlar