SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (20-son)

  • 15 dekabr, 2022, 16:46
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.

Tecno

Jahon chempionatida Marokash boshlagan chiroyli ertak yakunlandi. Ammo hali ular 3-o‘rin uchun o‘yinda ishtirok etadi. Frantsiya esa ketma-ket ikkinchi marta mundial finaliga yo‘l oldi. Mbappeni hal qiluvchi bellashuvda Messi kutmoqda.

Frantsiya - Marokash 2:0

Mundialning ikkinchi yarim finalida amaldagi jahon chempioni Frantsiya Afrika qit’asi vakili Marokash bilan kuch sinashdi. Bellashuv 2:0 hisobida Desham shogirdlarining g‘alabasi bilan yakun topdi.

Frantsuzlar 5-daqiqadayoq tezkor gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Raqib jarima maydonidagi tartibsizlikdan so‘ng Teo Ernandes noodatiy usulda hisobni ochdi. Hammaning e’tibori Mbappega qaratilgan bir paytda Teo Ernandes muvaffaqiyat qozongan.

Jamoalar bu vaziyatdan keyin gol urish uchun bir necha qulay imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Biroq 79-daqiqaga qadar tabloda hisob o‘zgarmadi. Zaxiradan maydonga tushgan Kolo-Muani to‘pga birinchi teginishining o‘zida raqib posbonini ranjitdi. U Mbappening o‘ta qulay uzatmasidan so‘ng to‘pni deyarli bo‘sh qolgan darvozaga joylab qo‘ydi va bahsga nuqta qo‘ydi.

Qiziq fakt! Frantsiya jahon chempionlatlarida birinchi bo‘limda g‘olib sifatida tanaffusga chiqqan bo‘lsa, hech qachon o‘yinda engilmagan. Frantsuzlar ilk 45 daqiqalikdagi hisobda oldinda borgan 25 o‘yinning 24 tasida g‘alaba qozongan bo‘lsa, bir bor durang o‘ynagan.

5-daqiqada hisobni ochgan Teo Ernandes tarixga kirdi. Uning goli jahon chempionati yarim finallarida urilgan eng tezkor gollardan biriga aylandi. Teo Ernandesdan oldingi natija Braziliya futbolchisi Vavaga tegishli. U 1958 yilgi dunyo birinchiligida  Frantsiyaga 2-daqiqada gol urgan.

"Uch ranglilar" o‘z tarixida to‘rtinchi marta mundial finaliga chiqdi va mazkur finallarning barchasi 1998 yildan keyingi davrga to‘g‘ri keladi (1998, 2006, 2018 va 2022). Bu vaqt ichida boshqa hech bir jamoa JCh finaliga ketma-ket ikki martadan ortiq chiqmagan.

DSC02933

Dide Desham ketma-ket ikki jahon chempionati finaliga chiqqan to‘rtinchi murabbiy bo‘ldi. Bundan oldin Italiya termasi bilan Vittorio Posso (1934 va 1938), Argentina bilan Karlos Bilardo (1986 va 1990) va Germaniya termasi bilan Frants Bekkenbauer shunday natijaga erishgandi.

"Real" klubi hujumchisi Karim Benzema Frantsiya ishtirokidagi JCh-2022 finaliga kelishi mumkin. AS nashrining xabariga ko‘ra, "qirollik klubi" agar futbolchi Qatarga borishni xohlasa, unga qarshilik qilmasligini bildirgan. Qaror Benzemaning o‘ziga bog‘liq, "Real" unga xalaqit bermaydi. Agar Frantsiya terma jamoasi finalda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, Karim ham jamoa bilan birga medal olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Eslatib o‘tamiz, hujumchi mundial startiga bir necha kun qolganida jarohat olib, terma jamoa lagerini tark etgandi. 

Finalda Frantsiya terma jamoasi Messi boshchiligidagi Argentinaga qarshi saf tortadi. O‘yin 18 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Marokash esa 17 dekabrda bronza medallar uchun Xorvatiya bilan kuch sinashadi. Bellashuvlar Toshkent vaqti bilan 20:00ga belgilangan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!