
SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (6-son)
Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.
Avstraliya ikkinchi turga kelib o‘zini ko‘rsatdi. Qit’adoshlarimiz Tunisni qiyinchilik bilan taslim etdi. Shu bilan birga “kengrular” keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini saqlab qoldi.
Birinchi g‘alabadan keyingi rag‘batlantirishlar Saudiya Arabistoni futbolchilarini esankiratib qo‘ygan ko‘rinadi. Bundan ilhomlangan saudiyaliklar Polshaga qarshi uchrashuvni hujumkor boshlab, jazolandi.
Frantsiya - Daniya bahsida amaldagi chempion so‘zsiz favorit hisoblangandi. Lekin Daniya ularga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Mbappening mahorati Frantsiyaga as qotdi. Uning 2 ta goli jamoasiga g‘alaba keltirdi.
Shimoliy va Janubiy Amerika jamoalari to‘qnashuvi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, Argentinaning ilk o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng. Messi boshchiligidagi yulduzlar 2-turdagi muhim o‘yinda g‘alaba qozonishni uddaladi.
Tunis - Avstraliya 0:1
2-tur o‘yinlari davom etmoqda. Kunning ilk to‘qnashuvi Tunis va Avstraliya terma jamoalari o‘rtasida kechdi. Kurashlarga boy o‘tgan mazkur bellashuvda yashil qit’a vakillari kichik 1:0 hisobida zafar quchib va bu mundialdagi ilk g‘alabasini qo‘lga qo‘lga kiritdi.
23-daqiqada qanotdan oshirilgan to‘pni Mitchell Dyuk boshi bilan darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi. Shundan so‘ng Afrika qit’asi vakillari muvozanatni tiklash uchun bir necha imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Biroq tablodagi hisob o‘yin oxiriga qadar o‘zgarmay qoldi.
Ushbu bellashuvda "quruq o‘yin" o‘tkazgan Avstraliya 1974 yildan beri bunday natija qayd etmayotgandi. Terma birinchi turda Frantsiyadan 4 ta gol qabul qilib olgandi.
Tunis o‘z tarixidagi mundiallarda atigi ikki bahsda darvozasi dahlsizligini saqlab qolgan. 1978 yilda Germaniya va Daniyaga qarshi guruh bosqich o‘yinlarida terma nursiz durang qayd etgan.
Yagona gol muallifi Mitchell Dyuk jahon chempionatlarida boshi bilan gol urgan ikkinchi avstraliyalik futbolchiga aylandi. Bundan oldin faqat Tim Kexill ana shunday baxtga muyassar bo‘lgandi. U 2010 yil Serbiyaga, 2014 yili Chili darvozasiga bosh bilan to‘p kiritgan.
Mazkur natijadan so‘ng Avstraliya ochkolari sonini 3 taga etkazib oldi va jadvalda 2-o‘rinda joylashdi. Terma oxirgi turda durang natija qayd etsa ham pley-offga yo‘l oladi. Navbatdagi uchrashuvda "Sokkeruz"ga Daniya jamoasi raqiblik qiladi.
Tunis hisobida 1 ochko mavjud bo‘lib, afrikaliklar Daniya bilan birga 3 va 4-pog‘onani bo‘lishib turibdi. Jamoa keyingi bosqichga chiqishi uchun Frantsiyani yirik hisobda mag‘lub etishi va narigi bahsda Daniyaning kichik g‘alabasini kutishga majbur. Ko‘rib turganingizdek, Tunis uchun vaziyat juda qaltis. Ammo baribir oz bo‘lsa-da, imkoniyat saqlanib turibdi.
Polsha - Saudiya Arabistoni 2:0
Navbatdagi bellashuvda Polsha va Saudiya Arabistoni terma jamoalari maydonda saf tortishdi. Qiziqarli va keskin kurashlarga boy kechgan o‘yin evropaliklarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topdi.
39-daqiqada Pyotr Zelinski kuchli zarbasi bilan uchrashuvda hisobni ochdi. U saudiyaliklarning himoyadagi kamchiliklaridan unumli foydalandi. 45+1-daqiqada esa polyaklar darvozasi tomon penalti belgilandi. To‘p oldiga Salim Al-Dovsari yaqinlashdi va zarba yo‘lladi. Ammo uning bu urinishini posbon Shchensni yo‘qqa chiqardi. U qo‘llari bilan to‘pni qaytarib qoldi. Shuningdek, keyingi zarbani ham aynan darvozabon bartaraf etdi.
82-daqiqa o‘tib borayotgan bir vaqtda Robert Levandovski himoyachilarning tushunarsiz harakatlaridan keyin darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketdi. Bu kabi holatlarda yaxshigina tajribaga ega bo‘lgan hujumchi to‘pni to‘rga kiritdi. Bu orqali futbolchi mundiallardagi o‘zining ilk golini urishga muvaffaq bo‘ldi. U o‘sha vaqtda ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi.
Faktlar haqida gapiradigan bo‘lsak, Saudiya Arabistoni jahon chempionati bahslarida Evropa jamoalariga qarshi o‘tkazgan so‘nggi 9 o‘yinining barchasida imkoniyatni boy bergan.
Polsha 1986 yildan so‘ng birinchi marta guruh bosqichidagi ilk ikki uchrashuvida engilmadi. Shuningdek, terma hozircha darvozasidan to‘p olib chiqmadi.
O‘yinning birinchi bo‘limida 5 ta sariq kartochka ko‘rsatildi. Bu 2010 yilda Ispaniya va Niderlandiya o‘rtasidagi finaldan keyin ilk taymda eng ko‘p kartochka qayd etilgan uchrashuvga aylandi.
Levandovski 1982 yilda Yanush Kuptsevich qayd etgan natijani takrorladi. U bir o‘yinda gol urdi va bitta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Yanush Frantsiya bilan kechgan bellashuvda bittadan gol va assist qayd etgan.
Mazkur bahsdan so‘ng Polsha 4 ochko bilan kvartet peshqadami bo‘lib oldi. 3 ochkosi bor Saudiya Arabistoni Argentina bilan birga 2 va 3-pog‘onani band etdi. Qizig‘i, guruhdan chiqish uchun barcha termada imkoniyat bor.
Frantsiya - Daniya 2:1
Kunning uchinchi o‘yinida Frantsiya hamda Daniya terma jamoalari kuch sinashdi. Ushbu bellashuvda amaldagi jahon chempionlari qiyinchilik bilan 2:1 hisobidaga g‘alaba qozondi va muddatidan oldin pley-off yo‘llanmasini naqd qildi.
Birinchi gol 61-daqiqada Frantsiya yulduzi Kilian Mbappe tomonidan kiritildi. U jamoadoshi Teo Ernandesning qanotdan etkazib bergan to‘pni raqib darvozaga joylab qo‘ydi. Ammo "uch ranglilar"ning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Mbappening golidan 7 daqiqa o‘tib, Andreas Kristensen burchak zarbasidan so‘ng raqib jarima maydonida paydo bo‘ldi va boshi bilan to‘pni to‘rga kiritib, muvozanatni tikladi.
86-daqiqada Antuan Grizmanning pasidan keyin Mbappe yana katta sahnaga chiqdi. U juda ajoyib uzatmani golga aylantirdi.
Mbappe bu bellashuvdagi dubli evaziga termadagi gollari sonini 31 taga etkazib oldi. Ayni vaqtda u mundialda darvoza tomon eng ko‘p zarba yo‘llagan futbolchi bo‘lib turibdi.
Daniyaning so‘nggi 7 goli turli futbolchilar tomonidan kiritilganini ham ta’kidlab o‘tish lozim. Mazkur seriya 2010 yildan buyon davom etib kelmoqda.
Frantsiya jahon chempioni sifatida dastlabki ikki o‘yinini g‘alaba bilan boshlagan 5-jamoa. Bundan oldin Italiya (1938 yil), Urugvay (1954 yil), Braziliya (1998, 2006 yillar) shundan natijaga erishgandi.
Bu g‘alaba tufayli frantsuzlar muddatidan oldin guruh bosqichidan chiqish vazifasini uddalashdi. Terma hisobida 6 ochko mavjud bo‘lib, ular 1-pog‘onadan joy olgan. 1 ochko jamg‘argan Daniya Tunis bilan birga 3 va 4-o‘rinlarni band etgan.
Argentina - Meksika 2:0
2-turda Argentina va Meksika o‘zaro to‘qnash keldi. Bellashuv Janubiy amerikaliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Dastlab, 64-daqiqada Di Mariyaning pasidan so‘ng Lionel Messi olis masofadan zarba yo‘llab, hisobni ochdi. Leo jahon chempionatlardagi 8-golini urdi. U mundiallarda kiritgan gollari soni bo‘yicha 37 yoshli Krishtianu Ronalduga etib oldi. Avvalroq, portugal Ganaga qarshi 1-tur bellashuvida penaltidan darvozani ishg‘ol qilgandi. Endi Messi dunyo birinchiliklaridagi gollar soni bo‘yicha hamyurti Diego Maradona bilan tenglashib oldi. Qolaversa, bu - Messining jahon chempionatidagi 21-o‘yini. U bu borada ham rekordchi Diego Maradonaga etib oldi.
87-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Entso Fernandes oradagi farqni ikkitaga etkazib qo‘ydi. Bu golda Messi assistni amalga oshirdi. Leo 5 ta mundialning har birida assistga erishgan ilk futbolchi sifatida tarixga kirdi.
Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng argentinaliklar ochkolari sonini 3 taga etzkib olgan holda, o‘z guruhida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. 1 ochkosi bor Meksika hozircha so‘nggi pog‘onani band etib turibdi.
Kecha "Lusayl" stadionidagi Argentina – Meksika uchrashuviga 88 966 muxlis tashrif buyurdi. 1994 yilgi mundialdan keyin jahon chempionatidagi bir o‘yinga ilk marta rekord darajada tomoshabin keldi. O‘shanda finalni 94 194 ishqiboz arenadan kuzatib borgandi.
Statistika bilan shug‘ullanuvchi "Opta" nashri mundial favoritlari nomini keltirib o‘tdi. Unga ko‘ra, ro‘yxatni Braziliya terma jamoasi 21 foiz ko‘rsatkich bilan boshqarib bormoqda.
Keyingi pog‘onani Frantsiya band etgan. Desham shogirdlarining chempion bo‘lish imkoni 12 foiz etib qayd etilgan. Kuchli uchlikka 11 foiz bilan Angliya yakun yasagan.
Messisi bor Argentina 5-o‘rinda, Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya esa 7-pog‘onada ko‘rsatilgan.
Fikrlar