
Superto‘purar mashg‘ulotlarda qatnashishdan bosh tortdi
Evropa futbolidagi eng zo‘r to‘purarlardan shvetsiyalik Viktor Dyokereshning “Sporting” bilan munosabati tamomila buzildi.
Record nashrining yozishicha, mohir hujumchi lissabonliklarning yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashishdan bosh tortdi. Futbolchi bu qarorga klub prezidentining bayonotidan keyin keldi va maqsadini rahbariyatga etkazdi.
“Sporting” xo‘jayini Fredereku Varandash “Men Dyokereshning narxini aytmayman, buni uning o‘zi yaxshi biladi. Shuni aniq aytishim mumkinki, Viktor 60+10 million evroga sotilmaydi, u shunchaki jamoadan ketolmaydi”, deb bayonot bergan edi.
Manbalarga ko‘ra, o‘tgan yili yozda tomonlar hujumchi yana bir yil o‘ynashi va keyin o‘ta qimmat bo‘lmagan narxda boshqa klubga o‘tishi mumkinligi borasida og‘zaki kelishib olgan ekan. Biroq klub Dyokeresh bo‘yicha kelgan takliflarni qabul qilmayapti.
Viktor klub rahbari uni aldaganligini va kelishuvga amal qilmayotganini ta’kidlab, “Sporting” safida boshqa maydonga tushmasligini uqtirmoqda.
Lissabonga 2023 yili yozda olib kelingan 27 yoshli forvardning klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning 30 iyunigacha davom etishi belgilangan.
Fikrlar