Tarixga nazar! O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatlarining nimchorak finallarida qanday natija qayd etgan?
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi kichik mundiallarning 1/8 final bosqichida qanday natijalar qayd etganiga to‘xtalib o‘tamiz.
Qatarda bo‘lib o‘tayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati o‘zining qizg‘in pallasiga etib keldi. Turnirda ishtirokini boshlagan 48 ta terma jamoaning 32 tasi musobaqa bilan xayrlashib bo‘ldi. Qolgan 16 ta jamoa esa mundial g‘olibligi uchun kurashni davom ettirmoqda. Ular orasida O‘zbekiston o‘smirlari ham bor. Vakillarimiz ushbu turnirgacha, Jahon chempionatlarida 3 bora nimchorak final uchrashuvlarida ishtirok etgan edi.
Dastlab, 2011 yil Meksika yashil maydonlari mezbonlik qilgan musobaqaning 1/8 final bosqichida vakillarimiz, Avstraliya terma jamoasiga qarshi maydonga chiqishgan edi. Uchrashuv o‘smirlarimizning 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Ushbu o‘yinda, Abbosbek Maxstaliev, Temur Hakimov va Davlatbek Yorbekovlar o‘z hisoblariga bittadan gol yozdirib qo‘ygan bo‘lsa, yana bir golni raqiblar o‘z darvozalariga kiritib qo‘yishgan edi. Keyingi bosqichda esa Urugvay o‘smirlariga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lishgandi.
Oradan 2 yil o‘tib, Birlashgan Arab Amirliklari mezbonlik qilgan Jahon chempionatining nimchorak finalida o‘smirlar terma jamoamiz gonduraslik tengqurlariga minimal hisobda imkoniyatni boy berib musobaqa bilan xayrlashgan edi.
2023 yilda Indoneziyada bo‘lib o‘tgan mundialning nimchorak finalida O‘zbekiston terma jamoasi turnir favoritlaridan biri bo‘lgan Angliya terma jamoasi bilan bahs olib bordi. Dastlab, 4-daqiqada Amirbek Saidov gol urib, hisobni ochdi. birinchi bo‘limning 35-daqiqasida esa inglizlar gol urib hisobni tenglashtiradi. Ikkinchi bo‘limda esa jamoamiz sardori Lazizbek Mirzaev jarima zarbasidan chiroyli gol urib, vakillarimizni chorak finalga olib chiqadi. Keyingi bosqichda esa Frantsiya vakillari bilan bahs olib borgan o‘smirlarimiz 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yadi.
Qatar mezbonlik qilayotgan mundialning nimchorak finalida o‘smirlar terma jamoamiz Italiyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 18 noyabr kuni soat 17:30 da start oladi.



Fikrlar