
"Terma jamoa murabbiyining qismati shunaqa, Stramachchoni bilan Eldor haqida gaplashamiz, u erdagi faoliyatimni yakunladim" - Islom To‘xtaxo‘jaev
Qatar chempionatiga ko‘chib hamyurtimiz Islom To‘xtaxo‘jaev “Al-Garafa”da qisqa fursat ichida o‘z o‘rniga ega bo‘la oldi. Murabbiylar ishonchini oqlayapti va o‘zidan iliq taassurot qoldiryapti. Kuni kecha To‘xtaxo‘jaev Sports.uz uchun intervyu berdi.
- “Al-Garafa”ga qanchalik moslashdingiz? Bu erga ko‘nikishingizga ko‘proq kim yordam berdi? Hozircha barchasi siz o‘ylagandekmi?
- Xudoga shukr, hammasi yaxshi. Jamoadagi barcha menga yordam beryapti, klub prezidentidan tortib hamma! Doim futbolchilar uchun yaqin aloqada.
- Yaqinda “Al-Garafa” bosh murabbiyi Andrea Stramachchoni bilan suhbat uyushtirdim. Futbolimiz va terma jamoamiz haqida yaxshi gaplarni aytdi. Murabbiy qaysi xususiyati bilan sizni hayron qoldiryapti?
- Birinchi navbatda u juda ham yaxshi inson ekan. To‘g‘ri aytdingiz, yurtimiz haqida ham iliq fikrda. Albatta, intervyuni o‘qidim. Chunki bunga men ham hissa qo‘shdim-ku (kuladi).
- Yaqinda siz Alisher Nikimbaev, Sardor Rashidov va Baxtiyor Qosimov bilan birga uchrashdinglar. Bu kimdan chiqqan tashabbus? Umuman, tez-tez uchrashib turasizlarmi?
- Alisher akadan chiqqan tashabbus. Doimo aloqadamiz. Deyarli har hafta ko‘rishib, suhbatlashib turamiz.
- “Al-Garafa” o‘yinlarini kuzatyapmiz. Maydon ideal holatda, havas qildik. Yana Qatar chempionatida qaysidir jihatlar bo‘yicha ham sizni hayron qoldirgan xususiyatlari bo‘lyaptimi?
- Ha, maydonlar siz aytganingizdek, juda ham a’lo darajada. Bizga ham nasib qilsin shunaqa stadion, sharoitlar va maydonlar. Bu hayron qoladigan narsa emas, havas qiladigan narsalar juda ko‘p.
- Qatarga ketgan legionerlarimiz uchun terma jamoa eshigi yopiladi, deb o‘ylaysizmi? Chunki Qatardagi futbolchilarimiz doim chetlab o‘tiladi? Bu nima bilan bog‘liq?
- Nimaga, ko‘pchilik o‘ynardi-ku! Bu borada murabbiyni o‘zi kimni xohlasa o‘sha o‘yinchini chaqiradi. Uning qarorlarini hurmat qilib, qo‘llab-quvvatlasak, unga ko‘zlangan maqsadga erishish osonroq bo‘ladi.
- Katanets boshchiligidagi termamizga chaqirilgan tarkibni ham ko‘rdingiz. Qaysi futbolchi yoki futbolchilarning chaqirilmagani sizni hayron qoldirdi?
- Tarkibdagi hammasi ajoyib futbolchilar. Kimni eng kuchli deb hisoblagan bo‘lsa, o‘shalarni chaqirgan. Bugungi kunda yaxshi formada bo‘lgan 3-4 nafar Superligadagi eng yaxshi o‘yinchilarga imkoniyat berilsa ham yaxshi bo‘lardi.
- Oldin Ektor Kuper, endi Srechko Katanets ham vaqti-vaqti bilan tanqid qilinyapti. U bilan maqsadga erisha olamizmi? Siz uchun qanday murabbiy?
- Terma jamoa murabbiyining qismati shunaqa. Doimo bosim ostida bo‘ladi. Xudo xohlasa, hamma qo‘lidan kelgancha yordam bersa, albatta maqsadga erishsa bo‘ladi.
- Stramachchoni siz bilan qaysi hamyurtimiz haqida gaplashadi?
- Eldor Shomurodov.
- Aynan nima haqida yoki qaysi xususiyatlari bo‘yicha gaplashasizlar?
- Ajoyib hujumchi ekani, Italiyada o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatayotgani italiyaliklarda O‘zbekistonga qiziqish ko‘paygani haqida gapiradi.
- Terma jamoadagi faoliyatingizni yakunladingizmi?
- Shunaqa desa ham bo‘ladi. Yoshlar o‘ynasin. Bizda juda ham ko‘p iqtidorlar bor.
Fikrlar