Vadim Abramov: "Birinchi bo‘limni juda yomon boshladik"
Superliganing 14-turidagi «Qo‘qon-1912» - «Dinamo» (2:3) uchrashuvida mehmonlar bir futbolchi kam bo‘lib qolishiga qaramasdan irodali g‘alabaga erishdi. "Dinamo" matbuot xizmati o‘yindan keyin jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramovning matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga qanday javob qaytarganini bayon qildi.
- Vadim Karlenovich, avvalo o‘yin haqida gapirsangiz...
- Nima deyish mumkin, qiyin uchrashuvni o‘tkazdik. Ayniqsa, birinchi bo‘limni juda yomon boshladik va gol o‘tkazdik. Keyinchalik omadimiz kelib, ikkita gol urib oldik. Hammasi yaxshi bo‘lib turgan paytda esa referi o‘yinga aralashdi va bilmadim, qanaqasiga bu vaziyatda so‘nggi umid foli sifatida qizil kartochka berganini tushunmadim. O‘sha nuqtadan gol ham urib bo‘lmasdi, axir. Qo‘shimchasiga o‘sha vaziyatda to‘p raqiblardan maydon tashqarisiga chiqib ketgan va biz autdan to‘pni o‘yinga kiritishimiz kerak edi. VAR hakamni o‘ziga chiqardi, lekin to‘p qaerga ketganini ko‘rishmadi ham. Endi muammomiz yanada kattalashdi – uch futbolchimiz safdan chiqdi. Oldinda esa bizni «Neftchi» va «Nasaf»ga qarshi o‘yinlar kutib turibdi.
- Superligada selektsionerlar yaxshi ishlamayotgandek. Sizni esa yaxshi selektsioner deb bilamiz. Hozirgi aksariyat selektsionerlarning shunchaki nomi bor, lekin tayinli ish qilmayotgandek...
- Fikrimcha, bu katta muammo emas. Selektsiya ishlarini oldin futbol o‘ynagan sobiq futbolchilar olib borgani yaxshiroq. Buning uchun ham iqtidor kerak. Bu holatni gapirish men uchun qiyin. Yaxshi sobiq futbolchini topsangiz, u jamoaga bemalol yordam bera oladi. Ishlash kerak.
- «Dinamo» chempionlik uchun kurasha oladimi? Jamoaning bunga kuchi etadimi?
- Bu haqda gapirish va taxmin qilishga erta. Kelajak haqida gapirib bo‘lmaydi. Aytganimdek, bugun asosiy tarkibning uch futbolchisi safdan chiqdi. Bizni oldinda birinchi davraning so‘nggi ikki o‘yini kutib turibdi. Bunday issiq havoda barchaga ham oson emas. Shu sababli chempionlik uchun kurash haqida sentyabr - oktyabr oyida gaplashish mumkin. Oldimizdagi ikki o‘yinda va bu bahslarda bor kuchimiz bilan o‘ynashimiz kerak. Agarda barchasi yaxshi bo‘lsa, nimadir deyish mumkin bo‘ladi. Hammasi natijalarga bog‘liq.



Fikrlar